Isroil radar razvedka yo‘ldoshini uchirdi
Isroil mamlakatning markaziy qismidagi “Palmaxim” harbiy bazasidan “Ofek 19” radiolokatsion razvedka yo‘ldoshini uchirdi, deb yozgan “Jerusalem Post” mamlakat Mudofaa vazirligiga tayanib.
— Sun’iy yo‘ldosh Mudofaa vazirligi, Isroil mudofaa kuchlari va “Israel Aerospace Industries” mudofaa kompaniyasi hamkorligida uchirildi, — deyilgan gazeta xabarida.
Nashr ta’kidlashicha, avvaldan e’lon qilinmagan bu voqea ayrim hududlarda vahima uyg‘otgan. Ya’ni, aholi raketa uchirilganidan xavfsiragan.
“Ofek 19” har qanday ob-havo sharoitida yuqori aniqlik bilan tasvir olishga mo‘ljallangan zamonaviy radar razvedka sun’iy yo‘ldoshidir. Yerga yaqin orbitaga chiqqach, qurilmaning ishlashi va foydalanishga tayyorligini tekshirish maqsadida qator sinovlar o‘tkaziladi.
S.Rahimov, O‘zA