Isroil parlamenti 2023-yil 7-oktabrdagi hujum uchun o‘lim jazosini belgilash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi
Isroil HAMAS tomonidan Isroilga nisbatan amalga oshirilgan hujum va ommaviy garovga olishda ishtirok etganlar uchun o‘lim jazosi va ochiq sud jarayonini nazarda tutuvchi qonun qabul qildi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Dushanba kuni kechqurun 2023-yil 7-oktabrdagi hujumga aloqadorlikda ayblanganlarga o‘lim jazosini tayinlash vakolatiga ega maxsus tribunal tashkil etish to‘g‘risidagi qonun loyihasi 120 o‘rinli Isroil Knesseti tomonidan 93 ovoz bilan qabul qilindi. Qolgan 27 nafar qonun chiqaruvchi ovoz berishda qatnashmadi yoki betaraf qoldi.
Quddusda joylashadigan tribunal majlislari jamoatchilik uchun ochiq o‘tkazilib, audio va video formatda yozib olinadi. Asosiy tinglov maxsus veb-saytda jonli efir orqali namoyish etiladi. Sud hay’atiga amaldagi yoki nafaqadagi tuman sudi sudyalari raislik qiladi.
Shuningdek, loyiha harbiy harakatga aloqador bo‘lmasa-da, G‘arbiy Sohilda joylashgan Falastin ma’muriyatidan sudlanuvchilar huquqiy vakilligi uchun mablag‘ undirilishini ham nazarda tutadi.
Hujjatning tushuntirish memorandumiga ko‘ra, maqsad “2023-yil 7 oktabrda boshlangan Isroil fuqarolariga qarshi muvofiqlashtirilgan va qasddan qilingan terror hujumi doirasida HAMAS va ushbu guruhga aloqador odamlar tomonidan sodir etilgan dushmanlik harakatlari, qotillik, jinsiy zo‘ravonlik, odam o‘g‘irlash va talonchilik uchun javobgar shaxslarni javobgarlikka tortishni tartibga solish”dan iborat.
– Hamma Isroil suveren davlat ekani, mazkur mamlakatga zarar yetkazganlar qanday javobgarlikka tortilishini bilishi kerak, – dedi qonun loyihasi hammuallifi Yuliya Malinovskaya.
Darvoqe, Isroil va Falastindagi inson huquqi tashkilotlari bunday qonun o‘lim jazosi qo‘llanishi shartini haddan ziyod soddalashtirishi va shu bilan birga adolatli sud jarayoni huquqi uchun protsessual kafolatni yo‘qqa chiqarishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
– Ochiq sud majlisini tartibga soluvchi qoida aybsizlik prezumpsiyasi, adolatli sud jarayoni va inson qadr-qimmatiga nisbatan huquqni buzadi, dedi Isroildagi “Adaloh” arab ozchiligi huquqi bo‘yicha markaz advokati Muna Haddod. – Ushbu mexanizm, hatto, ish mohiyati bo‘yicha sud boshlanishidan oldin ham, shunchaki ayblov xulosasi berishni aybni tan olish bilan tenglashtiradi.
Ushbu loyiha mart oyida Isroil hukumati tomonidan tasdiqlangan o‘lim jazosi to‘g‘risidagi qonun bilan bog‘liq emas. Bunday hujjat terror va millatchilik qotilligida ayblangan falastinliklar uchun o‘lim jazosi berish imkonini kengaytirdi.
Eslatib o‘tamiz, Isroil tarixidagi eng halokatli kunlardan biri sanaladigan 2023-yil 7-oktabrda HAMAS jangarilari hujumi tufayli mamlakat janubida 1200 dan ko‘p odam hayotdan ko‘z yumgan. G‘azo sektorida yana 251 kishi, jumladan ayollar va bolalar, xorijiy fuqarolar o‘g‘irlab ketildi va asir olindi. Bu voqea G‘azo tarixidagi eng qonli hodisalarni keltirib chiqardi. Qirg‘inbarot oqibatida bugungi kungacha 72 000 dan ortiq inson urush qurboniga aylangan. Marhumlarning aksariyati bolalar, ayollar va qariyalardir.
Go‘zal Sattorova, O‘zA