Isroil Eronga nega aynan hozir zarba berdi?
O‘nlab yillar davomida yechilmay kelayotgan Eron va Isroil ziddiyati yana avj oldi. Bu voqea nega aynan shu kunlarga to‘g‘ri keldi?
Tel-Aviv nuqtai nazarida buning uchun qulay sharoit yetilgan. Eron yadroviy dasturi tobora xavfli tus olmoqda.
Xalqaro atom energiyasi agentligi 12 iyun kuni Eronni yadro qurolini tarqatmaslik majburiyatini buzishda aybladi. Sababi, Tehron uranni boyitish uchun yangi ob’ekt qurilishini e’lon qilgandi.
Mutaxassislar fikricha, Eron oxirgi bir necha oy ichida yadroviy qurollanish yo‘lida ancha ildamlagan. Isroil Tehronda to‘qqizta yadroviy bomba uchun yetarli miqdorda uran borligiga, Eron yadrochilari qurol-yaroq ishlab chiqarishni yanada tezlashtirib, yadro raketalari ham ishlab chiqqaniga amin.
Demak, Isroilning maqsadlaridan biri Eron fiziklarini yo‘q qilish bo‘lgani bejiz emas.
Boshqa tomondan Eronning ittifoqchilari ancha kuchsizlashgan. Livanning “Hizbulloh” guruhi 2024 yil kuzda Isroilga qarshi urushda, deyarli, barcha rahbarlarini, raketa arsenalining salmoqli qismini yo‘qotdi. Islom Respublikasi tomonidan moliyalashtirilgan va nazorat qilingan bu harakat Isroilni Eron yadroviy dasturiga qarshi harakatdan tiyishi kerak edi.
XAMAS ham zaiflashdi. Ya’ni, hozircha G‘azo sektorining bir qismini ushlab turgan esa-da, ancha vaqtdan beri mudofaa chizig‘ida qolmoqda.
Eron havo mudofaasi tizimi Isroil havo kuchlariga qarshi tura olgani yo‘q. Eronning o‘tgan yilgi raketa hujumidan so‘ng Isroil raqibning butun havo hujumidan mudofaa tizimini og‘ir ahvolga tushirib qo‘ydi. Tel-Aviv samolyotlari urib tushirilishidan qo‘rqmasdan, Tehronni ta’qib qilishda davom etdi.
So‘nggi oylarda Eronning AQSH bilan yadro muzokarasi jonlangandek bo‘ldi. Vashington uranni boyitish to‘xtatilishi evaziga iqtisodiy sanksiya olib tashlanishini taklif qildi. Muzokara hali yakunlanmagan. Prezident Donald Tramp yaqinda Eron bilan kelishuv ehtimoli kamligini aytdi.
S.Poyonov, O‘zA