Islom – tinchlik va ma’rifatparvarlik dini
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashabbusi bilan O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi hamda Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi hamkorligida shu mavzuda xalqaro onlayn davra suhbati o‘tkazildi.
Unda tashabbuskor va hamkor tashkilotlar bilan birga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlar idorasi rahbar-xodimlari, shuningdek, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti, Gyote nomidagi Frankfurt universitetining Islom dini va madaniyatini o‘rganish instituti, Gumboldt nomidagi Berlin universitetining Berlin Islom ilohiyoti instituti, Myunster universiteti Islom bilimlari markazi, Leypsig universitetining Sharqshunoslik institutlarining mutaxassis va tadqiqotchi olimlari mavzuga oid ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Davra suhbatini Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, O‘zbekiston Respublikasining Germaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Nabijon Qosimov va Konrad Adenauer jamg‘armasining O‘rta Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi rahbari Ronni Hayne kirish so‘zi bilan ochdi.
Ishtirokchilar o‘z ma’ruzalarida mamlakatimiz miqyosida olib borilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlar ko‘lamini yuksak baholab, diniy bag‘rikenglikning, xususan, Islomning tinchlik va ma’rifatparvarlik mohiyatini yanada teran anglash borasida qilinayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratishdi. Ma’ruzachilar shuningdek, so‘nggi yillarda yurtimiz hududida yashab dunyo tamadduniga hamda Islom sivilizatsiyasiga benazir hissa qo‘shgan buyuk allomalar qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy merosni chuqur o‘rganish, keng targ‘ib etish hamda yoshlar ongiga singdirish borasida ko‘rilayotgan choralar va qilinayotgan amaliy ishlar mutlaq yangi bosqichga ko‘tarilganligini qayd etdilar.
Munozaralar davomida mamlakatimizda diniy e’tiqod erkinligini, konfessiyalararo hamjihatlikni, qolaversa millatlararo totuvlikni ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan tadbirlar samaralari alohida e’tirofga sazovorligi ta’kidlandi.
Muloqot so‘nggida istiqbolda diniy tusdagi turli ixtiloflar ehtimolini butunlay bartaraf qilish, bu borada mavjud barcha kuch va imkoniyatlarni birlashtirish, dinning yaratuvchilik, bunyodkorlik va dunyoviy taraqqiyparvarlik g‘oyalari ilmiy asoslarini yanada mustahkamlash zararurati nuqtai nazaridan, bugungi kunga qadar hamkorlikda o‘tkazilayotgan turli ilmiy-amaliy tadbir va anjumanlar salohiyatini sezilarli darajada oshirish, O‘zbekiston va Germaniyalik olim hamda tadqiqotchilarning o‘zaro tajriba almashuvi va malaka oshirishlarini yo‘lga qo‘yish, umumiy jihatdan ilmiy aloqalarni yanada rivojlantirishga kelishib olindi.
G‘.HASANOV, O‘zA