Islom Karimov xalqimiz xotirasida
Samarqand shahrida Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovni xotirlash tadbirlari oʻtkazildi.
Samarqand shahrida Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovni xotirlash tadbirlari oʻtkazildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 25-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, har yili 2-sentyabr Islom Karimov xotirasi kuni sifatida, bu ulugʻ insonni yod etish, hayoti va faoliyatini oʻrganish bilan bogʻliq tadbirlar oʻtkazilishi anʼanaga aylandi.
Bu yil ham ushbu sana munosabati bilan butun mamlakatimiz boʻylab xotira tadbirlari oʻtkazilmoqda. Islom Karimov tugʻilib oʻsgan va ayni paytda mangu orom topgan maskan – Samarqandda ham erta tongdan xotira tadbirlari boshlandi.
Viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari dastlab Samarqand shahridagi Islom Karimov maqbara-majmuasini ziyorat qildi. Qurʼon tilovat qilindi.
Islom Karimovning davlatimiz mustaqillikka erishishi va taraqqiyoti yoʻlidagi xizmatlari yodga olindi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Birinchi Prezidentimiz xotirasini abadiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar eʼtirof etildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Toshkent, Samarqand va Qarshi shaharlarida Islom Karimov siymosi aks etgan haykallar oʻrnatildi. Yurtimizdagi bir qator yirik obyektlar, koʻchalarga buyuk davlat va siyosat arbobi nomi berildi.
Viloyat jamoatchiligi vakillari Islom Karimov maqbara-majmuasidan chiqib, uning nomi bilan atluvchi koʻchadan oʻtib kelib, Registon maydoni yaqinida oʻrnatilgan mustaqilligimiz asoschisi haykali poyiga gullar qoʻydi.
– Islom Karimov mustaqil Oʻzbekiston Respublikasi asoschisi, ogʻir damlarda mamlakatda xavfsizlikni taʼminlab, uning taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor qoʻygan shaxs sifatida yurtimiz tarixida alohida oʻrin tutadi, – deydi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori M.Pardayev. – Shu bilan birga bu ulugʻ inson xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan edi va yurtdoshlarimiz hurmat, ehtirom bilan yodga olmoqda. Bugun Samarqanddagi Islom Karimov maqbara-majmuasi va haykali oʻrnatilgan maydon har qachongidan-da odamlar bilan gavjumligi ham bu fikrni tasdiqlaydi
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov ishtirok etdi.