Islohotlar odamlar hayotida namoyon bo‘lmoqda
Har qanday islohotning haqiqiy qimmati statistik ko‘rsatkichlarda emas, balki inson hayotida yuz berayotgan haqiqiy o‘zgarishlarda namoyon bo‘ladi. Raqamlar qanchalik yuqori bo‘lmasin, agar ular ortida inson qadri, farovonlik, yangi imkoniyatlar va barqaror hayot turmasa, islohotning mazmun-mohiyati to‘liq ochilmaydi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Sirdaryo viloyati Xovos tumanida so‘nggi yillarda kuzatilayotgan o‘zgarishlar oddiy iqtisodiy o‘sish emas, balki jamiyat hayotining barcha qatlamlariga ta’sir ko‘rsatayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy yangilanish jarayonidir.
Yo‘llar obodligi, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarining ishga tushirilishi, yangi ish o‘rinlarining yaratilishi, qishloqlarda infratuzilmaning yangilanishi — bularning barchasi davlat siyosati joylarda amaliy natija berayotganining yaqqol ifodasidir.
2025-yil 4-dekabrda Sirdaryo viloyatida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi ham ana shu islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim siyosiy-iqtisodiy voqea bo‘ldi. Ushbu yig‘ilishda belgilangan vazifalar Sirdaryoni nafaqat agrar, balki sanoat va xizmatlar sohasida ham barqaror rivojlangan hududga aylantirishni ko‘zda tutadi.
Prezident ta’kidlaganidek, “Inson qadri uchun” tamoyili islohotlar markazida turgan ekan, uning amaliy natijalari ham aynan aholi turmushida o‘z aksini topmoqda. So‘nggi yillarda Sirdaryo viloyatida sanoat, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik sohalarida sezilarli o‘sish kuzatildi. Investitsiyalar hajmi kengaydi, yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi, bandlik imkoniyatlari ortib bormoqda.
Ana shu jarayonlarning eng yorqin ifodasi Xovos tumani misolida yaqqol namoyon bo‘ladi. Bir paytlar asosan qishloq xo‘jaligiga tayangan hudud bugun bosqichma-bosqich industriallashuv va ijtimoiy yangilanish yo‘lidan bormoqda.
Tuman taraqqiyotida muhim burilish nuqtasi sifatida 2019-yil 18-iyulda Prezidentning Sirdaryo viloyatiga tashrifi qayd etiladi. O‘sha tashrif chog‘ida Xovos shaharchasining yangi markazini barpo etish, urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish va infratuzilmani kompleks rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.
Shundan so‘ng tumanda keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Yangi markaz hududida 30 ta besh qavatli uydan iborat 760 ta xonadon barpo etildi. Ularning 600 tasi aholiga imtiyozli shartlarda taqdim etilishi ijtimoiy adolat va manzilli qo‘llab-quvvatlash siyosati amalda ekanini ko‘rsatadi.
Eng muhimi, ilgari eski va zich uy-joylarda yashagan aholi uchun bu o‘zgarishlar hayot sifatining keskin yaxshilanishiga sabab bo‘ldi. Zamonaviy uy-joylar, muhandislik tarmoqlari va qulay infratuzilma yangi hayot muhitini shakllantirmoqda.
Kuni kecha Xalq deputatlari tuman Kengashining 28-sessiyasida tuman hokimi Qomus Yuldashev tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar Xovos iqtisodiyotida barqaror o‘sish tendensiyasi mustahkamlanayotganini tasdiqladi.
2025-yil yakuni bo‘yicha sanoat mahsulotlari hajmi 426,8 milliard so‘mni tashkil etib, 104,8 foiz o‘sish qayd etildi. Bu natijalar yangi korxonalarning ishga tushirilishi, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish va sanoat tarmoqlarining kengayishi bilan bog‘liq. Eng muhimi, ushbu jarayonlar orqali yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Qishloq xo‘jaligida ham barqaror o‘sish kuzatilmoqda. Hisobot davrida 2 trillion 259,3 milliard so‘mlik mahsulot yetishtirilib, 107,6 foiz o‘sishga erishildi. Zamonaviy agrotexnologiyalar joriy etilishi, suv resurslaridan samarali foydalanish va fermerlar qo‘llab-quvvatlanishi ushbu natijalarning asosiy omili bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tuman iqtisodiyotiga investitsiyalar oqimi sezilarli darajada oshdi. Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar 862,9 milliard so‘mni tashkil etib, 155,1 foiz o‘sish qayd etildi.
Xorijiy investitsiyalar ham kengayib bormoqda. Joriy yilda 188,3 million dollar jalb etish rejalashtirilgan bo‘lib, dastlabki natijalarning o‘ziyoq 162 foiz ijroni ko‘rsatmoqda.
Jumladan, “OTP Bank Group” ishtirokida amalga oshirilayotgan “Yashil ferma” parrandachilik kompleksi Xovosdagi yirik loyihalardan biridir. Qiymati 165 million dollar bo‘lgan ushbu kompleks ishga tushirilgandan so‘ng yiliga 28 ming tonna parranda go‘shti ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu ichki bozorni ta’minlash bilan birga eksport salohiyatini ham oshiradi.
Loyihaning yana bir muhim jihati, 62,5 ming tonna quvvatga ega ozuqa ishlab chiqarish korxonasining barpo etilishidir. Bu to‘liq ishlab chiqarish zanjirini shakllantirish imkonini beradi. Eng muhimi, kompleks to‘liq quvvatda ishga tushganda 500 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.
[gallery-29224]
Xovos tumanida ichki bozor faolligi ham ortib bormoqda. Chakana savdo aylanmasi 265,7 milliard so‘mga, xizmatlar hajmi esa 459,9 milliard so‘mga yetdi. Bu aholi daromadlari o‘sib borayotgani va xizmat ko‘rsatish sohasi iqtisodiyotda tobora muhim o‘rin egallayotganini ko‘rsatadi.
– So‘nggi yillarda Xovos tumanimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, sanoat va infratuzilma sohasidagi islohotlar odamlar hayotida yaqqol sezilmoqda. Ilgari orzu bo‘lib ko‘ringan zamonaviy uy-joylar, barqaror ish o‘rinlari, obod ko‘chalar bugun haqiqiy hayotga aylandi. Eng muhimi, aholining ertangi kunga ishonchi mustahkamlanmoqda. Bu o‘zgarishlar raqamlarda emas, har bir xonadon farovonligida ko‘rinib turibdi, – deydi mehnat faxriysi Sherbuta Pirimqulov.
Muxtasar aytganda, Xovos tumanidagi bugungi islohotlar statistik ko‘rsatkichlar bilan emas, balki odamlar hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar bilan o‘z qimmatini namoyon etmoqda. Inson qadrini ulug‘lash, farovonlikni oshirish va barqaror kelajak yaratishga qaratilgan bu jarayonlar islohotlarning haqiqiy mazmunini ochib bermoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri