Ishonchli vakil targ‘ibot ishlarini boshladi
Termizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Surxondaryo viloyati kengashi joriy yilning 24 oktyabrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oldidan brifing tashkil etdi.
Unda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Sh.Mirziyoyevning Surxondaryo viloyati bo‘yicha ishonchli vakili A.Eshmurotov, partiyaning Surxondaryo viloyat kengashi raisi A.Ro‘ziyev, Qonunchilik palatasi va mahalliy kengash deputatlari, partiya faollari, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirok etdi.

Brifingda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi A.Ro‘ziyev tadbir ishtirokchilarini Markaziy saylov komissiyasining shu yil 15 sentyabrdagi qaroriga muvofiq O‘zLiDeP tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyati bo‘yicha ishonchli vakili sifatida ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Abduhakim Eshmurotovning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili A.Eshmurotov faoliyatining huquqiy asoslari, vazifalari va maqsadi haqida ishtirokchilarga atroflicha ma’lumot berdi.

– Markaziy saylov komissiyasi shu yil 17 sentyabrda qabul qilgan qarorga asosan Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 2021 yil 20 sentyabrdan boshlanishi belgilandi, – dedi A.Eshmurotov. – Ishonchli vakil shu kundan saylov kampaniyasini o‘tkazishda nomzodga ko‘maklashadi. Davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda albatta, nomzodning manfaatlarini ifodalaydi. Demak, 32 kun davom etadigan faoliyati orqali ishonchli vakil saylovning ochiq, oshkora va adolat tamoyillariga mos o‘tishiga baholi-qudrat hissa qo‘shadi. Saylov kodeksining 44-moddasiga asosan saylovga bir kun qolganda va saylov kuni tashviqot olib borish ta’qiqlanadi. Shu bois joriy yilning 22 oktyabr kuni ishonchli vakil sifatidagi faoliyatim yakunlanadi. Shu kungacha viloyatning shahar va tumanlarida, tashkilot, korxona va muassasalarda turli soha vakillari bilan yuzma-yuz muloqot qilishni, shu jumladan, yirik ommaviy uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirib olganmiz.

Brifingda ishonchli vakil o‘zining ish yuritish tartiblari xususida ham atroflicha ma’lumot berdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA