Ishonchli vakil saylovchilar bilan uchrashdi
Mamlakatimizda joriy yilda siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan ayni kunlarda joylarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida o‘tkazilgan saylovoldi targ‘ibot tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan nomzod Alisher Qodirovning ishonchli vakili, partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi, Jo‘qorg‘i Kenges deputati Tajibay Romanov saylovchilar bilan uchrashdi.

Unda ishonchli vakil yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning tarjimai holi hamda saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi.
Qayd etilishicha, nomzodning saylovoldi dasturida ta’lim-tarbiya sohasida, davlat boshqaruvi tizimida, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha, ijtimoiy adolat, qadriyatlarga hurmat va fuqaro erkinliklarini ta’minlash, tashqi siyosat sohalarida qator yangi o‘zgarishlar amalga oshirilishi belgilangan.

Xususan, ta’lim-tarbiyada “Yangi avlod” dasturi qabul qilinib, unga ko‘ra, bola tug‘ilganidan maktabni tugallagunigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan tarbiya va ta’lim dasturi ishlab chiqilishi uchun yagona «Oila-bog‘cha-maktab» tizimi yaratiladi.
Shuningdek, dasturda «Ta’lim inspeksiyasi» Oliy Majlis huzurida qayta tashkil qilinishi, pedagoglar tayyorlash tizimi tubdan isloh qilinishi, tarbiyaning ajralmas qismi sifatida Milliy kinoindustriya isloh qilinishi belgilanganligi ta’kidlandi.

Keltirilishicha, saylovoldi dasturida davlat boshqaruvi tizimida mahalliy kengashlarning vakolatlari va faoliyati qayta ko‘rib chiqilishi, sud-huquq tizimida tub islohotlar amalga oshirilishi ko‘rsatilgan.
Qolaversa, dasturda mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha davlat ishtirokini tugatish bo‘yicha 5 yillik davlat innovatsion dasturi qabul qilinishi, ish beruvchilar uchun xodimlarni majburiy sug‘urtalash majburiy etib belgilanishi, kam ta’minlangan aholini qo‘llab-quvvatlashning qadriyatlarga tayangan yangi tizimi joriy etilishi borasida ustuvor tamoyillar belgilangan.
Shu bilan birga, partiya saylovoldi dasturida ijtimoiy adolat, qadriyatlarga hurmat va fuqaro erkinliklarini ta’minlash sohasida milliy urf-odat, an’analar, shakllangan qadriyatlarga hurmatsizlik uchun javobgarlik joriy qilinishi, o‘zbek tili keng qo‘llaniladigan, zamonaviy taraqqiyotga uyg‘un tilga aylanishi uchun huquqiy asoslar kuchaytirilishi, so‘z erkinligi va jamiyatni demokratlashtirish davom ettirilishi, Xalq qabulxonalari bepul yuridik maslahat markazlariga aylantirilishi, aliment fondi tashkil etilishi kabi ustuvor vazifalarni amalga oshirish ko‘rsatilgan.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan nomzod Alisher Qodirovning ishonchli vakili yig‘ilganlar tomonidan berilgan savollarga javob berdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA