Ishchi guruh aholi muammolarini o‘rganmoqda
Mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar katta-kichik rahbarni eng pastki bo‘g‘in mahallagacha tushirib, xalqimiz yaxshi yashashi uchun nimalarni istayotgani, hayotidan rozi yoki noroziligi, takliflarini tinglashdek ezgu ishlarga undadi. Odamlar qalbiga quloq solib, ularning dardu tashvishini eshitish va muammolarini hal etish oliy qadriyat darajasiga ko‘tarildi.
Bu jarayonda rahbarlar faoliyatiga iqtisodiy raqamlar bilan emas, balki ularning aholi bilan qay yo‘sinda muloqot qilayotgani, odamlar duch kelayotgan muammolarni qanday hal etayotganiga qarab baho berish, tegishli xulosa chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Xususan, Surxondaryo viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida virtual va Xalq qabulxonalariga 42 ming 832 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 35 ming 30 tasi yoki 81.7 foizi ko‘rib chiqilgan. Muddat talab etadigan 7 ming 802 tasi yoki 18.2 foizi ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan murojaatlar 13 ming 211 ta yoki 24 foizga kamaygan. Bu ko‘rsatkichlar ham mamlakatimizda so‘nggi yillarda xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak, degan ulug‘ g‘oya asosida xalq bilan yuzma-yuz uchrashib, ochiq muloqot qilishning amaldagi samaralaridir.

Janubdagi vohada Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yilida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni, Prezidentimizning farmon, qaror va farmoyishlari, hukumat qaror va topshiriqlari ijrosini o‘rganish uchun davlatimiz rahbarining viloyatdagi Xalq qabulxonasi va viloyat hokimligi hamkorligida ishchi guruh tashkil etilib, unga mutasaddi tashkilot va muassasalardan 222 nafar mutaxassis jalb etildi. Bu ishchi guruh aholini o‘ylantirayotgan muammolarni o‘rganish, ularga tezkor va joyida yechim topish boshlangani odamlarning adolatga, davlatga, ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda. Uyma-uy kirishdan maqsad aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yanada kengaytirish, mavjud dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish yuzasidan aniq, tezkor choralar ko‘rishdan iborat.
O‘tgan davrda ishchi guruh a’zolari Prezidentimizning 2019 yil 17 yanvardagi “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, 8 yanvardagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12-yanvardagi “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida keng qamrovli o‘rganish ishlarini olib bordi.

Xalq qabulxonalari va viloyat ishchi guruhi Termiz shahri hamda tumanlarda 81 ming 200 xonadonga uyma-uy kirib, ular bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Muammolarning aksariyati joyida hal etildi. Muddat talab etilganlariga muayyan vaqt belgilanib, ijrosi qatiy nazoratga olindi. Masalan, o‘rganishlar chog‘ida aholi murojaatlaridan kelib chiqib, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati viloyat filiali hamkorligida Bandixon, Qiziriq, Muzrabot va Sariosiyo tumanlarida bittadan, Sherobod va Denov tumanida ikkitadan, Uzun tumanida to‘rtta yangi transformator punkti, Bandixon, Angor, Jarqo‘rg‘on, Oltinsoy, Termiz, Qumqo‘rg‘on, Uzun, Sherobod va Sho‘rchi tumanlarida eskirgan elektr tayanch ustunlar o‘rniga 438 ta yangi beton tayanch o‘rnatildi.
Jarqo‘rg‘on tumani Bog‘aro mahallasida bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilishiga xalaqit berayotgan 35 kV kuchlanishli “L-Oqjar” elektr tarmog‘ining 4 dona SK-22 rusumli temir-beton tayanchlari xavfsiz joyga ko‘chirildi. Sho‘rchi tumanidagi Saksonkapa mahallasida 1 dona transformator punkti joriy ta’mirlandi.

Ishchi guruhning uyma-uy yurib o‘rganishlari chog‘ida toza ichimlik suv masalasida mavjud ayrim muammolar ham o‘z yechimini topdi. “Surxondaryo suv ta’minoti” ma’suliyati cheklangan jamiyati bilan birga hududlarda 8 dona nasos, 2 dona suv quvurini ochib yopgich yangidan o‘rnatilib, 42 dona nasos, 59 dona ochib yopgich ta’mirlandi. 1 kilometrdan ortiq ichimlik suv quvuri tortilib, 4 dona bosimli suv minorasi o‘rnatildi. Qariyb bir kilometr oqova suv quvuri tozalandi.
Viloyatda iste’molchilarni suyultirilgan va tabiiy gaz bilan ta’minlash masalasida bildirilgan e’tirozlar o‘rganilib, aholiga to‘rt ming tonna suyultirilgan uglevodorod gazi ajratilib, yetkazib berildi. Tegishli shartnoma asosida 220 dona maishiy gaz ballon tarqatildi. Termiz shahrining Namuna mahallasidagi 448 ta aholi xonadonini tabiiy gaz bilan ta’minlash uun 2,2 kilometr gaz quvuri yangidan tortilib, foydalanishga topshirildi.

Jarqo‘rg‘on tumanining Istiqlol mahallasida axoli xonadonlariga 1 kilometr tabiiy gaz tarmog‘i tortildi. O‘zbekiston mahallasi xududidagi maktab va bog‘chani gazlashtirish uchun 850 metr gaz quvuri tortilib, bitta gaz taqsimlash shaxobchasi o‘rnatildi. Denov tumanidagi A.Jomiy nomli mahallada 1 dona gaz taqsimlash shaxobchasi qayta ta’mirlanib, iste’molchilarni tabiiy gaz bilan ta’minlash sifati oshirildi. Oltinsoy tumanidagi Bo‘ston mahallasida 500 ta xonadonga zamonaviy gaz xisoblagich o‘rnatildi. Sariosiyo tumani Bog‘ishirin mahallasida 100 ta xonadonga suyultirilgan gaz ballon yetkazib berildi.
Viloyat markazida iste’molchilarning ko‘payib, tabiiy gazdan foydalanish darajasi oshgani keyingi yillarda bu yoqilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni yuzaga keltirdi. Bu masalaning yechimi topilib, ayni paytda shahar aholisini uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlash uchun Angor tumanidan gaz quvuri tortilmoqda. Bu viloyat markazida qariyb 16 ming xonadonni ishonchli tabiiy gaz bilan ta’minlash imkonini yaratadi. Termiz shahrining A. Navoiy nomli mahallasi ahli murojaatiga asosan hududda 1 kilometr masofaga gaz quvuri yotqizilib, iste’molchilarning tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini qoplash choralari ko‘rildi.

Joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullarda viloyat aholisi toza ichimlik suvi, elektr va gaz ta’minoti, ichki yo‘llarning nosozligidan aziyat chekayotganini ma’lum qilib, mazkur muammoning yechimini topishda yordam so‘raydi. Chunki, aholini qiynayotgan bu masalalarga keyingi yillarda xalq bilan ochiq muloqot qilish yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng ko‘proq e’tibor qaratila boshlandi. Odamlarning dardu-tashvishlari tinglanib, davlat dasturlari, mahalliy byudjet mablag‘i va homiylik asosida ko‘pchilikni qiynab kelgan bu muammolarni hal etishga kirishildi. Ishchi guruhning uyma-uy yurib, aholi muammolarini o‘rganishi davrida yo‘l masalasida bildirilgan e’tirozlar asosida 150 kilometr uzunlikdagi ichki xo‘jalik yo‘li joriy ta’mirlandi. Misol uchun, Bandixon tumanida bir, Qumqo‘rg‘on tumanida 20 kilometr 800 metr, Muzrobotda qariyb 11 ming, Oltinsoyda 6 kilometrdan ko‘proq, Sariosiyo tumanida 11 kilometrdan ortiq, Termiz shaxrida 1 kilometrdan, Uzun tumanida 4 kilometrdan ziyod, Sherobod tumanida qariyb 39 kilometr ichki xo‘jalik yo‘llari aholi va transport vositalari harakatlanishi uchun qulay holatga keltirildi.
Ishchi guruh a’zolarining viloyatda uyma-uy yurish orqali xalq bilan muloqot qilib, joylardagi mavjud muammolarni mahallabay, xonadonbay o‘rganishi rahbarlarga yetib kelmayotgan muammolardan xabardor bo‘lishiga, odamlarning hayotidan rozi bo‘lib yashashiga ko‘maklashayotgani, aholi yashash massivlarida zamonaviy infratuzilmalarni yaxshilash, hududlarni rivojlantirish, oilaviy tadbirkorlik va kichik biznes uchun qulay sharoitlar yaratish kabi muhim masalalarga yechim topayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Abdulhakim Eshmuratov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Surxondaryo viloyatidagi Xalq
qabulxonasi mudiri, ishchi guruh rahbari
O‘zA