Ishbilarmon ayollar safi kengaymoqda (+video)
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat Kengashi tomonidan “Ishbilarmon ayol – 2026” ko‘rik-tanlovining viloyat hududiy bosqichi o‘tkazildi.
Bugungi kunda partiya tomonidan xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish va biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mazkur tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Mahallaning ishbilarmon ayoli” loyihasi hamda “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.
– O‘n bir yildan beri mana shu ko‘rik-tanlov o‘tkazilayotgan bo‘lsa, yildan-yilga shunday bir tendensiya bo‘lyaptiki, xizmat turlari, ishlab chiqarish mahsulotlari ko‘payib boryapti, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulshana Xudoyorova. – Ko‘pchilik ishbilarmon ayollarimiz nafaqat o‘zimizda, balki eksport salohiyatimizga ham katta hissa qo‘shib kelishyapti. Bugun muhtaram Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlarimizga imkoniyatlar berganlari va bu tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanib, xizmat turlari oshirilgani uchun xotin-qizlarimiz kasb-hunarga o‘qitildi. Xotin-qizlarimiz yaxshi kayfiyatda. O‘z rejalari bilan qatnashyapti. Xotin-qizlarimizga berilayotgan imtiyozli kreditlar, subsidiyalar soni to‘qqiz trillion so‘mdan oshib ketdi. Bugun partiyamizda birgina “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi doirasida qilingan sa’y-harakatlar yildan-yilga o‘zining mevalarini berib, mamlakatimiz iqtisodiyotiga ham katta ulushini qo‘shyapti.
“Ishbilarmon ayol – 2026” ko‘rik-tanlovining tuman-shahar bosqichlarida esa 115 nafar tadbirkor va 394 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
Tanlovning mahalla va tuman-shahar bosqichlarida saralangan 11 nafar faol tadbirkor xotin-qiz viloyat bosqichida o‘z biznes faoliyati va tayyorlagan mahsulotlari ko‘rgazmasini namoyish etdi.
Yakunda Xatirchi tumanidagi “Nurmonova Charos Berdiyorovna” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Charos Nurmonova “Ishbilarmon ayol – 2026” ko‘rik-tanlovining Navoiy viloyati hududiy bosqichi g‘olibi deb topildi.
[gallery-31582]
– Ikki yuzga yaqin pudratchi ishchilarim bor, – deydi Charos Nurmonova. – Ular bilan uzum mahsulotlari yetishtirib, ularni mayiz qilib, chetga eksport qildim . Men ko‘plab davlat, respublika forumlarida ham qatnashganman. U yerda ko‘plab shartnomalarni qo‘lga kiritganman. Prezidentimiz judayam katta e’tibor beryapti tadbirkor ayollarga, fermer ayollarga. Oldin juda ko‘p hokimlarning majlislari bo‘lardi. Hozir yo‘q, unday emas. Seminarlarga boramiz, o‘zimizga kerakli tushunchalar olamiz, o‘quv markazlarida o‘qib kelamiz. Prezidentimizning e’tibori bilan men 2019-yili Vestminster institutiga bordim. Britaniyadan bizlarga mutaxassislar, tadbirkor ayollar kelib, bizlarga dars o‘tdi. O‘shanda biz biznes nima, marketing nima, bozorda yutib chiqish, bozorda qanday joy egallash, bozor nima ekanligi, biznes-rejani qanday tuzish – hammasi bo‘yicha o‘zimizga bilimlar olib, undan keyin yana shakllandik. Prezidentimizga katta rahmat, bizni judayam qo‘llab-quvvatlayapti. Yo‘limiz ochiq, eksport qilamiz. Oldin eksport qilamiz desak, o‘rtada bir vositachi bo‘lardi-da, pullarimizni ololmay qiynalardik. Hozir esa vaziyat o‘zgargan. O‘zimiz haqiqiy sotuvchi bo‘lib ish olib bormoqdamiz.
Tadbir so‘ngida g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, faol ishtirokchilar munosib taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video),
O‘zA muxbirlari