Ish izlovchiga ko‘makdosh (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi tashabbusi bilan Farg‘ona shahridagi Ahmad al-Farg‘oniy nomli madaniyat va istirohat bog‘ida bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
– Unda viloyatdagi mavjud 3500 dan ortiq vakant ish o‘rinlari taklif etilmoqda, – deydi Farg‘ona viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Muhiddin Botirov. – Qolaversa, barcha turdagi qisqa muddatli malaka oshirish va kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kurslari namoyish etilmoqda. Shuningdek, tadbirda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, kichik biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlar uchun tijorat banklarning barcha resurslari taqdim etilgan. Shu bugunning o‘zida 300 dan ziyod yoshlar kelgusidagi ish o‘rinlariga ega bo‘ldi.

– Men Namangan davlat texnika universitetining Axborot tizimlari va texnologiyalari fakultetini bitirdim. Yarmarkaga kelishimdan maqsad mutaxassisligim bo‘yicha ish topish. Hozirda Qo‘qondagi Ipoteka bankidan vakansiya bo‘yicha ish o‘rni topdim va ushbu bosqichda suhbatdan o‘tishni rejalashtiryapman, – deydi ish izlovchi Murodillo Rahmatullayev.

Farg‘ona viloyatida bo‘lib o‘tayotgan bu kabi bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi yoshlarni narkotik moddalar iste’molidan saqlash, doimiy bandligini ta’minlashda samara bermoqda.
Farg‘ona shahridagi bu kabi mehnat yarmarkalari viloyatning boshqa shahar-tumanlarida ham tashkil etiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/14cKQzL_Sbo" title="Ish izlovchiga ko‘makdosh" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov, O‘zA