Iroqda parlament saylovlari boshlandi
Bugun Iroqda milliy parlament saylovlariga start berildi. Ta’kidlanishicha, 329 deputatlik o‘rni uchun 7754 nomzod kurashmoqda.
Saylov jarayonini BMT va Arab davlatlari ligasidan kelgan 300 dan ziyod xalqaro kuzatuvchi nazorat qilmoqda.

“DW” nashrining yozishicha, mamlakat bo‘ylab 21 milliondan ortiq saylovchi ovoz berish huquqiga ega.
Dastlabki natijalar saylov uchastkalari yopilgandan keyin bir sutka ichida e’lon qilinadi. Shundan so‘ng, yangi hukumatni shakllantirish jarayoni boshlanadi. Mazkur jarayon bir necha hafta yoki oylarga cho‘zilishi mumkin.
Ekspertlar fikricha, saylovlar Iroqdagi siyosiy barqarorlikka erishish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Mamlakatdagi siyosiy muhit hali ham uzoq yillar davom etgan urush va keskinlik oqibatlaridan to‘liq tiklanmagan. Tahlillarga ko‘ra, saylov natijalari Iroqda etnik va diniy manfaatlar muvozanati hamda mintaqadagi umumiy vaziyatga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
D.Hakimov, O‘zA