Iqtisodiyot va moliya vaziri "Franklin Templeton" vakillari bilan uchrashdi
Mamlakatimizda davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini takomillashtirish, ularga xususiy kapitalni jalb qilish va milliy korxonalarni xalqaro kapital bozoriga olib chiqishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Bu jarayonda xorijiy investorlar bilan hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov "Franklin Templeton" xalqaro investitsiya kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Muloqot davomida iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari, davlat ishtirokidagi korxonalar samaradorligini oshirish va kapital bozorini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) portfelidagi kompaniyalar faoliyatini transformatsiya qilishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, moliyaviy shaffoflikni oshirish va korxonalarning investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlash choralari muhokama qilindi.
Shuningdek, ayrim korxonalar aksiyalarini birlamchi ommaviy taklif (IPO) orqali joylashtirishga tayyorlash, xalqaro kapital bozorlariga chiqish va institutsional investorlarni jalb etish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Bu borada xalqaro tajriba va standartlarni joriy etishning ahamiyati qayd etildi.
Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuv yakunida tomonlar istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini birgalikda o‘rganish, investitsiyaviy imkoniyatlarni kengaytirish va kelgusidagi qo‘shma tashabbuslarni muhokama qilish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA