Iqtisodiy yuksalishning zarur omillari
Mustaqil taraqqiyot yillarida mamlakatimiz iqtisodiyoti qariyb besh karra o‘sdi. Aholi daromadlari 8,7 barobar ko‘payib, xalqimizning hayot darajasi, farovonligi oshib bormoqda.
Mustaqil taraqqiyot yillarida mamlakatimiz iqtisodiyoti qariyb besh karra o‘sdi. Aholi daromadlari 8,7 barobar ko‘payib, xalqimizning hayot darajasi, farovonligi oshib bormoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizning yuksak sur’atlar bilan rivojlanib borayotgani keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar izchillik bilan amalga oshirilayotgani natijasidir. Bu jarayonda tadbirkorlikni har tomonlama rivojlantirishga bo‘lgan e’tibor, ishlab chiqarishni kengaytirish uchun yaratilgan shart-sharoit milliy mahsulotlarning jahon bozorida munosib o‘rin egallashiga zamin yaratdi. Shu bois jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davom etayotganiga qaramasdan iqtisodiyotimizning yillik o‘sishi so‘nggi o‘n yil davomida sakkiz foizdan oshdi.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 7-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
– Mazkur farmon mamlakatimizda barqaror ishbilarmonlik muhiti va maksimal darajada qulay investitsiya iqlimi yaratilishida muhim omil bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Shokir Saidov. – Chunki shu asosda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatining ochiq-oydinligi oshirildi. Tadbirkorlik faoliyatini yuritish sharoitlari yaxshilandi.
Buning natijasini joriy yilda tadbirkorlik subyektlari ko‘paygani, sohaning iqtisodiyotdagi ulushi o‘sgani va muhimi tarmoqda aholi bandligi oshganida ko‘rish mumkin. Jumladan, joriy yilning yarmida tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tufayli 14,3 mingga yaqin yangi kichik biznes subyekti ish boshladi. Kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 43,9 foizni tashkil etib, ish bilan band bo‘lgan aholining 76,4 foizi shu sektorda faoliyat yuritmoqda. 2014-yilda ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini tizimli asosda amalga oshirish natijasida joriy yil boshidan buyon besh yuz mingdan ziyod yangi ish o‘rni tashkil etilgan bo‘lsa, uning salmoqli qismi tadbirkorlik subyektlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Prezidentimizning yuqorida nomi qayd etilgan farmoniga ko‘ra, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro munosabatlar masalalarini tartibga soluvchi axborotlarni joylashtirish va ularni doimiy ravishda yangilab borish vazifasi yuklatilgan.
Bu amaliyotda tadbirkorlik subyektlariga kerakli barcha ma’lumotlarni tashkilotlarning rasmiy veb-saytidan tezkorlik bilan olish va undan unumli foydalanish borasida juda katta qulaylik yaratmoqda. Chunki bunday shaffoflik bo‘lgan joyda endi tadbirkor idorama-idora yurib vaqtini, mablag‘ini sovurmasdan, ishiga unum va baraka kiritadi.
Tadbirkorlarning bu imkoniyatdan to‘liq foydalanishini ta’minlash borasida adliya idoralari ularga zarur huquqiy tushuntirish ishlarini olib borish bilan birga, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, tijorat banklari hamda boshqa idoralarning veb-saytlarini ham o‘rganib bormoqda. Bu jarayonda, afsuski, farmon talablariga to‘liq rioya etilmayotgan holatlar ham uchrab turibdi.
Masalan, Surxondaryo viloyati Qiziriq va Sherobod tumanlari hokimliklarining rasmiy veb-saytlari umuman tashkil etilmagan. Buxoro viloyati Kogon tumani hokimligining “Kogon tumanidagi qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalarni, shuningdek, mashina-traktor parklari, ustaxonalar va servis punktlarining asbob-uskunalarni majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori tadbirkorlarga bir qator majburiyatlar yuklagan bo‘lsa-da, bu hokimlikning veb-saytida joylashtirilmagan. Samarqand viloyati Payariq tumani hokimligining rasmiy veb-saytidagi ma’lumotlar so‘nggi marta joriy yilning iyun oyida yangilangan bo‘lib, unda tadbirkorlar bilan o‘zaro munosabat masalalarini tartibga soluvchi axborotlarni joylashtirish bo‘yicha alohida bo‘linma tashkil etilmagan.
Farmonda kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat byudjetiga ularning hisobvaraqlaridan soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashda bank xizmatlari uchun to‘lovlar undirish amaliyoti bekor qilinishi belgilangan. Biroq ayrim tijorat banklari tomonidan hanuzgacha bunday to‘lovlar undirib kelinayotgani aniqlandi.
Jumladan, Andijon viloyati Ulug‘nor tumanidagi “Mamajon buva” fermer xo‘jaligidan soliq organi hisob raqamiga 8 million 286 ming 300 so‘m miqdorida to‘lovni o‘tkazishda “Agrobank”ning Ulug‘nor tumani Oq-oltin filiali tomonidan 21 ming 369 so‘m bank xizmati uchun haq undirilgan.
Xuddi shu kabi “O‘zsanoatqurilishbank”ning Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan Yangiyo‘l tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan “Shahzodbek oyl plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyatining hisobvarag‘idan davlat byudjetiga soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashda joriy yilning 15-aprelidan 15-iyuligacha 700 ming so‘mdan ziyod mablag‘ noqonuniy ushlab qolingan.
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Yorqin yulduz timsoli” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yagona soliq to‘lovi bo‘yicha pul mablag‘larini byudjetga o‘tkazishda Milliy bank To‘raqo‘rg‘on tumani filiali tomonidan 66 ming so‘m bank xizmati uchun to‘lov undirilgan. Bu kabi qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish, aybdor shaxslarni tegishli javobgarlikka tortishni ta’minlash maqsadida adliya organlari tomonidan tegishli idoralarga 90 taqdimnoma, 173 ogohnoma va ko‘rsatmalar kiritildi. Sudlarga o‘nga yaqin da’vo ariza taqdim etildi.
Umuman aytganda, joriy yilda adliya organlari tomonidan tadbirkorlar, shuningdek, xorijiy investorlar manfaatlari kafolatlangan boshqa qonun hujjatlari ijro etilishi yuzasidan ham ko‘plab o‘rganishlar o‘tkazildi. Natijada tadbirkorlik subyektlarini ma’muriy javobgarlikka tortishda 6 mingdan ziyod, ularning murojaatlarini ko‘rib chiqishda 1,8 mingga yaqin, litsenziya va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishda 1,3 mingdan ortiq, yer maydoni ajratishda 60 qonunbuzilish holati aniqlandi.
Masalan, Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi tomonidan “Fermer–2001” fermer xo‘jaligida Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi komissiyaning ruxsatisiz tekshirish o‘tkazilgan. Ushbu holat bo‘yicha adliya organi tomonidan kiritilgan taqdimnomaga asosan markazning ikki nafar bo‘linma mudiriga intizomiy jazo berildi.
Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi “Oybek” xususiy korxonasiga uning buzib tashlangan binosi uchun tuman hokimligi tomonidan yetkazilgan moddiy zarar asossiz ravishda to‘lab berilmagan. Bu haqda viloyat xo‘jalik sudiga da’vo arizasi kiritilgani natijasida tuman hokimligidan tadbirkor foydasiga 13,6 million so‘m undirildi.
Aniqlangan qonunbuzilishlar va ularni keltirib chiqaruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli idoralarga 807 taqdimnoma, 641 ogohnoma kiritildi. Natijada 976 nafar aybdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortilib, ulardan 34 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining 529 noqonuniy qarori bekor qilindi. Tadbirkorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokida korxonalarning manfaatini ko‘zlab sudlarga jami 11,5 milliard so‘mlik 766 da’vo ariza kiritildi. Ayni paytgacha da’volarning aksariyati qanoatlantirilib, tadbirkorlar huquqlari to‘liq tiklandi.
Iqtisodiyotimizning tayanchi, jamiyatimizda hal qiluvchi kuchga aylanib borayotgan tadbirkorlarning manfaatlari qonun va davlat himoyasida. Sohaning rivojiga to‘siq bo‘layotgan holatlar so‘zsiz bartaraf etiladi.