Iqtisodiy munosabatlarda huquqiy kafolatlar yanada kuchaytiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qildi.
Ta’kidlanganidek, amaldagi qonunchilikka binoan birinchi instansiya sudining qarori ustidan shikoyat berilganda uning ijrosini yuqori instansiya sudi to‘xtatib turish vakolatiga ega. Xususan, Iqtisodiy protsessual kodeksining 271 va 294, 323-moddalari talablariga ko‘ra, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudi quyi instansiya sudi qarori ustidan shikoyat berilganda, uning ijrosini tegishli iltimosnoma asosida mazkur instansiyada ish yuritish tamomlanguniga qadar to‘xtatib turishi mumkin.

Biroq ushbu Kodeksda sud qarori ijrosini to‘xtatib turish haqidagi iltimosnomani rad etish uchun aniq asoslar belgilanmaganligi sababli bunday iltimosnoma taqdim etilganda, yuqori instansiya sudi aksariyat hollarda quyi instansiya sudi qarorining ijrosini to‘xtatishiga to‘g‘ri kelmoqda. Mazkur holat tadbirkorlik sub’ektlarining sud qarori asosida pul mablag‘larining undirilishi jarayonlarining kechikishiga sabab bo‘lmoqda.
Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi bilan Iqtisodiy protsessual kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, yuqori instansiya sudlarida ko‘rib chiqilayotgan ishlar bo‘yicha sud hujjatlari ijrosini to‘xtatib turish sud hujjatining qaytarma ijrosi qiyinlashishi yoki imkonsiz bo‘lib qolishi asoslab berilgan hollarda qo‘llanilishi belgilanmoqda.
Bu sud qarorlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishini ta’minlash, tadbirkorlarning manfaatlarini himoya qilish hamda iqtisodiy munosabatlarda huquqiy kafolatlarni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Moddama-modda muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA