Iqtidorli yoshlar uchun yangi imkoniyatlar
“Besh tashabbus olimpiadasi” nafaqat sport musobaqasi, balki yoshlarning iqtidorlarini namoyon qilish, yangi chempionlarni kashf etish hamda sog‘lom hayot tarzini shakllantirishga xizmat qiladigan muhim loyiha sifatida e’tirof etilmoqda. Musobaqalar jarayonida sportga qiziquvchi yoshlar o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazish, yangi tajriba orttirish va kelajakda katta sport maydonlariga yo‘l ochish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mamlakatimizda sport va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan yirik loyihalardan biri – “Besh tashabbus olimpiadasi – 2025”ga tantanali start berildi.
Qashqadaryoda ham ushbu ommaviy sport musobaqasining yangi mavsumiga start berilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Prezident tashabbusi bilan joriy yilda aholining ommaviy sportdagi ishtiroki 15 million nafarga yetkazilishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi musobaqalar yanada keng ko‘lam kasb etib, 6 ta asosiy yo‘nalishda o‘tkaziladi.
[gallery-21808]
Jumladan, mahalla yoshlari – 13 ta sport turi bo‘yicha 5 bosqichli, nogironligi bo‘lgan yoshlar – adaptiv sport turlari bo‘yicha 3 bosqichli, umumta’lim maktablari o‘quvchilari – 9 ta sport turi bo‘yicha 3 bosqichli, professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari – 5 ta sport turi bo‘yicha 3 bosqichli, talabalar – 5 ta sport turi bo‘yicha 4 bosqichli, o‘qituvchilar va idora xodimlari – 5 ta sport turi bo‘yicha 3 bosqichli musobaqalarda qatnashish imkoniga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, birinchi marotaba mahallalardagi 30 yoshdan katta aholi o‘rtasida mini futbol, voleybol, stritbol, stol tennisi, vorkaut, shaxmat va shashka bo‘yicha musobaqalar tashkil etilishi ham belgilangan.
Tantanali tadbir davomida “Besh tashabbus olimpiadasi – 2025”ga rasmiy start berildi. Musobaqalarda qatnashish istagini bildirgan yoshlar 5tashabbus.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tdi. Bu yilgi mavsum nafaqat yoshlar, balki turli yosh toifalaridagi aholining sportga keng jalb etilishi bilan ahamiyatlidir.
Tadbir doirasida “Besh tashabbus olimpiadasi – 2024”da faol ishtirok etgan eng ilg‘or hudud, tuman va shahar vakillari Sport vazirligi tomonidan “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ushbu mukofot sport sohasida fidokorona mehnat qilayotgan mutaxassislar va tashkilotchilarga taqdim etildi.
Tadbir ishtirokchilari ushbu musobaqaning yangi mavsumi yanada yuqori saviyada, shijoat va ijobiy kayfiyat bilan o‘tishini ta’kidlab, barcha yoshlarni faol ishtirok etishga chorlab qoldi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari