Iqlim o‘zgarishi O‘zbekiston uchun ham jiddiy xavflardan biridir
15-may — Xalqaro iqlim kuni
Ekologiya sohasida xalqaro tashabbuslardan biri sifatida 15-may — Xalqaro iqlim kuni etib belgilangan. Bundan maqsad iqlim o‘zgarishi muammosiga jamoatchilik e’tiborini qaratishdan iboratdir.
Mazkur ekologik sana iqlim o‘zgarishi xavflari haqida aholini xabardor qilish, issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirishga chaqirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini targ‘ib qilish, tabiatni muhofaza qilish va yashil hududlarni ko‘paytirish, shuningdek, aholini, jamoat tashkilotlarini ekologik faollikka jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu sana va uning ahamiyati haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Ekologik partiya fraksiyasi a’zosi Navro‘zbek Yusupov o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Har yili 15-may sanasi dunyoda Xalqaro iqlim kuni sifatida qayd etiladi. Ushbu sana insoniyat e’tiborini global iqlim o‘zgarishi, atrof-muhit muhofazasi va ekologik muammolarga qaratishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi nafaqat ekologik, balki iqtisodiy va ijtimoiy muammoga ham aylanib ulgurdi. So‘nggi yillarda dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan keskin isish, qurg‘oqchilik, suv tanqisligi, muzliklarning erishi, o‘rmon yong‘inlari va tabiiy ofatlar sonining ortishi iqlim o‘zgarishining aniq belgilaridir.
Mutaxassislarning fikricha, atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar, sanoat va transport chiqindilari hamda tabiiy resurslardan nooqilona foydalanish bu jarayonni yanada tezlashtirmoqda.
Iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston uchun ham jiddiy xavflardan biri hisoblanadi. Suv resurslarining kamayishi, cho‘llanish jarayonining kuchayishi va havo haroratining ortishi qishloq xo‘jaligi, aholi salomatligi va ekologik barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, Orol dengizi fojiasi butun mintaqa uchun ekologik muammoning og‘ir oqibatlarini namoyon etmoqda.
Shu bois, mamlakatimizda so‘nggi yillarda “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish va atrof-muhit muhofazasini kuchaytirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida millionlab daraxt va butalar ekilayotgani ham ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xalqaro iqlim kuni nafaqat davlatlar va xalqaro tashkilotlar, balki har bir inson uchun ham mas’uliyatni anglatadi. Tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, suv va energiyani tejash, chiqindilarni kamaytirish, daraxt ekish va ekologik madaniyatni shakllantirish — har birimizning kelajak oldidagi burchimiz. Zero, tabiatni asrash — kelajakni asrash demak. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda barchamizning birgalikdagi harakatimiz samara beradi.
Muhtarama Komilova yozib oldi,
O‘zA