Ipak qurti gʻumbagidan ozuqa olinadi
Shu sababli ulardan olinadigan barcha foydali komponentlarni toʻliq qoʻllash imkoniyatini beruvchi texnologiyani yaratish dolzarb hisoblanadi.
Yangi texnologiya
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ipakchilik sanoati chiqindilaridan oqsillarni ajratib olish texnologiyasi respublikamiz uchun istiqbolli hisoblanib, toʻyimli oqsil saqlovchi ozuqalar olish va ortiqcha chiqindilardan xalos boʻlish imkonini beradi. Hozir ipak qurti gʻumbagidan oqsilni ajratib olish, tozalash, quritish va sterillash bosqichlarini jamlagan texnologiya yoʻlga qoʻyilmagan. Shu sababli ulardan olinadigan barcha foydali komponentlarni toʻliq qoʻllash imkoniyatini beruvchi texnologiyani yaratish dolzarb hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti olimlari tomonidan ipak qurti gʻumbagidan oqsil va uning asosida toʻyimli, proteinga boy ozuqa olish texnologiyasi ishlab chiqildi. Ushbu texnologiya bir necha texnologik bosqichlardan tashkil topgan xomashyoni choʻktirish, tozalash va quritish kabi koʻplab jarayonlarni oʻz ichiga oladi. Tozalangan oqsilning tarkibi oʻrganilganda 16 xil modda mavjudligi va ulardan 9 tasi noyob aminokislota ekanligi aniqlandi. Institutning texnologik laboratoriyasi sharoitida mahalliy mahsulot ishlab chiqarilib, parrandalar va baliqlar ozuqalarida qoʻllash boʻyicha sinovlar oʻtkazildi.
Baliqchilikni rivojlantirish markazidagi tajribalar natijasida karp baligʻini sanoat miqyosida yetishtirishdagi unumdorlik boshqa baliq yetishtiruvchi xoʻjaliklardan yuqori ekani aniqlandi. Bunda oziqlantirish koeffitsiyenti ikki barobar samaralidir.
Oqsilning samaradorligini aniqlash boʻyicha sinovlar Qashqadaryo viloyatining Parrandachilik ilmiy-tadqiqot stansiyasi va “Koson goʻsht-sut mahsulotlari” parrandachilik xoʻjaligida ham olib borildi. Oqsilni sinovdan oʻtkazish jarayonida uni ozuqa tarkibida 0,5 foiz miqdorda qoʻllash tuxum olish unumdorligining 48 foiz, goʻsht hajmining 50-55 foiz ortishiga olib keldi.
Oqsilni baliqlar va parrandalar bioozuqasi tarkibidagi faol qoʻshimcha sifatida qoʻllash uning hozirgi vaqtda bozorda mavjud boʻlgan hayvon oqsili asosidagi ozuqalarga nisbatan samarali ekanini koʻrsatdi.