Investitsiya loyihalari muhokama qilindi
Sirdaryo viloyatida baliqchilik va parrandachilik sohalarini rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirishga qaratilgan yangi investitsiya loyihalari muhokama qilindi.
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Doniyor Qodirovning “Haid International Holdings Limited” kompaniyasi ijrochi direktori Chjan Guyszyun bilan uchrashuvida mazkur yo‘nalishlardagi hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mahalliy aholi bandligini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Ayni paytda kompaniya tomonidan viloyatda 92 gektar maydonda baliqchilik loyihasi amalga oshirilmoqda. Uchrashuvda loyiha ko‘lamini kengaytirish maqsadida qo‘shimcha 200 gektar yer maydonini jalb etish bo‘yicha investorlar tashabbusi ko‘rib chiqildi.
Viloyat rahbari baliqchilikni kooperatsiya asosida rivojlantirish, mahalliy aholini Xitoyning zamonaviy baliq yetishtirish texnologiyalariga o‘rgatish va ularni ishlab chiqarish jarayonlariga keng jalb etish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi. Bunday yondashuv sohada ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, uchrashuvda baliq yemi ishlab chiqarish zavodi hamda tuxum yetishtirishga ixtisoslashgan parrandachilik majmuasini tashkil etish loyihalari muhokama qilindi. Ushbu tashabbuslar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini kengaytirish, oziq-ovqat ta’minotini mustahkamlash va hududning iqtisodiy salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi Sirdaryo viloyatida baliqchilik va parrandachilik sohalarida zamonaviy ishlab chiqarish usullarini joriy etish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish hamda investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish imkonini beradi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri