Investitsiya forumi mamlakatimizning iqtisodiy nufuzi namoyonidir
Yaqinda poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi biznes vakillari uchun iqtisodiy platforma vazifasini o‘tagani bilan birga, mamlakatimizning ochiqligi, ishonchli hamkor sifatidagi nufuzini namoyon etadigan muhim maydon bo‘ldi. Bu yilgi forumda dunyoning 100 ta davlatidan 4 mingga yaqin xorijiy mehmon ishtirok etgani xalqaro miqyosda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga, islohotlariga bo‘lgan ishonchning ortayotganidan dalolat.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Sevara Ubaydullayeva mazkur forumning ahamiyati haqida o‘z fikrlari va munosabatini bildirdi:
– Bugungi kunda dunyo iqtisodiyoti tub o‘zgarishlar pallasiga kirdi. Geosiyosiy raqobatning kuchayishi, global ta’minot zanjirlarining o‘zgarishi, savdo cheklovlari, raqamli iqtisodiyotning jadal sur’atlarda rivojlanishi hamda «yashil» taraqqiyotga o‘tish jarayonlari har bir davlatdan mutlaqo yangi yondashuvlarni talab etmoqda. Ana shunday murakkab va tez o‘zgarayotgan sharoitda investitsiya uchun raqobat ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Toshkent xalqaro investitsiya forumi nafaqat mamlakatimiz iqtisodiy hayotidagi muhim voqea, balki yangi O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatiga yo‘llagan muhim siyosiy va iqtisodiy murojaati sifatida ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz ushbu nufuzli forumda mamlakatimizning investitsiya siyosati, sanoat rivoji, transport-logistika, raqamli iqtisodiyot, «yashil» energetika, sun’iy intellekt va hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Forumda 100 dan ortiq mamlakatdan qariyb 4 ming nafar investor, davlat arbobi, xalqaro moliya institutlari, transmilliy korporatsiyalar va biznes doiralari vakillarining ishtirok etishi mamlakatimizga nisbatan xalqaro ishonchning sezilarli darajada oshganini ko‘rsatadi.
Bugun O‘zbekistonga investitsiya kiritish faqat iqtisodiy qaror emas, balki huquqiy barqarorlik, ochiqlik va uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasiga ishonch bildirishdir. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, mamlakatimizga jalb qilingan 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya, jumladan, 123 milliard dollarining so‘nggi besh yil hissasiga to‘g‘ri kelishi islohotlar samaradorligining eng yorqin ko‘rsatkichi. Bu mablag‘lar faqat raqam emas, ular yangi korxonalar, texnologiyalar, kasblar, yangi ish o‘rinlari va millionlab fuqarolar hayotidagi ijobiy o‘zgarishlarni anglatadi.

Forumda ilgari surilgan tashabbuslarni tahlil qilar ekanmiz, ularning barchasini yagona g‘oya – O‘zbekistonni yuqori texnologiyali, raqobatbardosh va inson manfaatlariga xizmat qiladigan iqtisodiyotga aylantirish maqsadi birlashtirib turganini ko‘ramiz.
Angliya huquqi asosidagi maxsus rejim, mustaqil xalqaro tijorat sudi, xalqaro ekspertlar ishtirokidagi arbitraj va investorlar uchun yaratiladigan soliq imtiyozlari mamlakatimizga uzoq muddatli kapital oqimini sezilarli darajada oshirishi mumkin. Eng muhimi, bunday mexanizmlar mahalliy tadbirkorlar uchun ham huquqiy kafolatlarni kuchaytiradi, xususiy mulk daxlsizligini yanada mustahkamlaydi va iqtisodiyotda ishonch muhitini shakllantiradi.
Prezidentimiz kapital bozori kelajak iqtisodiyotining muhim moliyaviy poydevori ekanini alohida ta’kidladi. PO, yevroobligatsiyalar, milliy investitsiya jamg‘armasi, sukuk va muqobil investitsiya fondlari bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar mamlakatimiz iqtisodiyotini bank kreditlariga ortiqcha bog‘liqlikdan chiqarib, xususiy kapital hissasini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi. Bu esa kelajakda kichik va o‘rta biznes uchun yangi moliyaviy imkoniyatlar yaratadi, aholining investitsiya madaniyatini shakllantiradi va iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlaydi.
O‘zbekistonning tabiiy boyliklari ulkan iqtisodiy salohiyatga ega. Ammo Prezidentimiz belgilab bergan asosiy vazifa – ushbu resurslarni xomashyo sifatida eksport qilish emas, balki ularni chuqur qayta ishlab, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishdan iborat.
Bu sanoatda texnologik inqilobni boshlab beradi. Yangi metallurgiya klasterlari, kimyo sanoati, farmatsevtika, mashinasozlik, robototexnika va elektronika sohalarida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi natijasida yurtimizda minglab yuqori malakali ish o‘rinlari yaratiladi. Eng muhimi, eksport hajmi emas, sifati o‘zgaradi.
Dunyoda energiya va texnologiya uchun raqobat kuchayib borayotgan bir paytda Prezidentimiz tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda sun’iy intellekt sohasini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar strategik ahamiyat kasb etadi. Quyosh va shamol energetikasiga sarmoyalarni ko‘paytirish orqali mamlakatning energetik xavfsizligi ta’minlanadi, ishlab chiqarish xarajatlari kamayadi va ekologik barqarorlik mustahkamlanadi.
Sun’iy intellekt bo‘yicha qabul qilingan Milliy strategiya va «Besh million yetakchi» dasturi esa O‘zbekiston yoshlarini to‘rtinchi sanoat inqilobi ishtirokchilariga aylantirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz Xitoy–Qirg‘iziston temir yo‘li, Transafg‘on koridori va Kaspiy orqali «O‘rta koridor» loyihalarining ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Bu tashabbuslar amalga oshsa, O‘zbekiston nafaqat ishlab chiqaruvchi mamlakat, balki Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi muhim transport tuguniga aylanadi. Bu esa tashqi savdo xarajatlarini qisqartiradi, eksportni rag‘batlantiradi va minglab yangi logistika xizmatlari paydo bo‘lishiga zamin yaratadi.
Prezidentimiz Yangi Toshkent shahri, millionli shaharlar konsepsiyasi, davlat-xususiy sheriklik loyihalari, turizm va agrosanoatni rivojlantirish bo‘yicha belgilab bergan vazifalarning markazida ham inson manfaati turibdi. Yangi uy-joylar qurilishi, muhandislik infratuzilmasining yangilanishi, turizm xizmatlari kengayishi va qishloq xo‘jaligida qayta ishlash sanoatining rivojlanishi millionlab yurtdoshlarimiz uchun yangi daromad manbalarini yaratadi.
Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar inson manfaatiga, aholi farovonligini yuksaltirishga va Yangi O‘zbekistonda munosib hayot sifatini ta’minlashga qaratilgan.
Ko‘pincha investitsiyalar haqida so‘z ketganda milliardlab dollar miqdoridagi mablag‘lar tilga olinadi. Biroq, mazkur raqamlar ortida oddiy inson taqdiri, oila daromadi, yoshlarning kelajagi va mamlakatning barqaror taraqqiyoti mujassamligini unutmasligimiz lozim. Avvalo, yangi investitsiyalar – bu yangi ish o‘rinlaridir. Mamlakatimizga jalb qilinayotgan har bir yirik sarmoya zamirida sanoat korxonalari, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, logistika markazlari, texnologik parklar va infratuzilma loyihalarining barpo etilishi turadi.
Bugungi kunda investitsiyalarni jalb qilish sohasidagi raqobat faqat iqtisodiy imtiyozlar bilan emas, balki qonun ustuvorligi, xususiy mulk daxlsizligi, sud-huquq tizimining mustaqilligi va davlat institutlarining ochiqligi bilan ham belgilanadi. Shu ma’noda, Prezidentimiz tomonidan investorlar uchun ishonchli huquqiy muhit yaratishga qaratilgan tashabbuslar parlament zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi oldida investitsiya faoliyatini huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini takomillashtirish, kapital bozorini rivojlantirish, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt va «yashil» energetika sohalaridagi munosabatlarni zamon talablari asosida tartibga solishga qaratilgan qonunchilikni yanada mustahkamlash vazifasi turibdi.
Ayni paytda parlamentning vazifasi faqat yangi qonunlarni qabul qilish bilan cheklanmaydi. Qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlarning hayotda to‘liq va samarali ishlashi, investitsiya loyihalarining amaliy natijalari, ularning aholi bandligi, hududlar rivoji, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va ekologik barqarorlikka qo‘shayotgan hissasi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini amalga oshirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa parlament faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA