Intensiv boğlar barpo etiladi
Bugungi kunda mamlakatimizda qişloq xöjaligi yerlaridan samarali foydalaniş, foydalanişdan çiqqan maydonlarni qayta özlaştiriş, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlaş va sohada zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etişga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimiz taşabbusi bilan agrar sohada amalga oşirilayotgan islohotlar ham yer va suv resurslaridan oqilona foydalaniş, hosildorlikni oşiriş, investitsiyalarni jalb etiş hamda qişloq joylarda yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratişga qaratilgan.
Bu borada Buxoro viloyatida ham mavjud imkoniyatlardan unumli foydalaniş, ayniqsa, çöl hududlarini iqtisodiy aylanmaga kiritiş orqali qişloq xöjaligi işlab çiqarişini kengaytirişga qaratilgan istiqbolli loyihalar amalga oşirilmoqda.
Işçi örganişlar bilan viloyatda bölgan Qişloq xöjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Buxoro tumanida foydalanişdan çiqqan yer maydonlarini qayta özlaştiriş böyiça olib borilayotgan agrotexnik işlar bilan tanişdi.
Eʼtiborlisi, mazkur hudud Buxoro xalqaro aeroportidan atigi beş kilometr masofada joylaşgan bölib, umumiy qariyb 1 ming gektar maydonni qamrab oladi. Loyiha doirasida bu yerda mevazor boğlar, jumladan, örikzorlar barpo etiş, şuningdek, boşqa turdagi qişloq xöjaligi ekinlarini yetiştiriş rejalaştirilgan.
Aslida, çöl hududlarida bunday loyihalarni amalga oşiriş oddiy dehqonçilik işlaridan köra kengroq mazmunga ega. Zero, foydalanişdan çiqqan yerlarni qayta özlaştiriş, ularning tabiiy xususiyatlarini hisobga olgan holda ixtisoslaştiriş va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etiş orqali yangi işlab çiqariş maydonlari hamda qöşimça iqtisodiy qiymat yaratiladi.
Hududga tutaş 100 gektar maydonda “Uç qarağay agro lend” MÇJ tomonidan paxtaning serhosil navlarini intensiv agrotexnologiyalar asosida yetiştiriş ham közda tutilgan. Buning uçun tomçilatib suğoriş tizimi joriy etilib, ğöza köçatlarini rangli plyonka ostida parvarişlaş rejalaştirilmoqda.
Bunday texnologiyalarning çöl şaroitida qöllanilişi juda muhim. Çunki suv resurslari çeklangan hududlarda anʼanaviy suğoriş usullariga tayaniş katta xarajat va resurs sarfini talab etadi. Tomçilatib suğoriş esa suvni bevosita ösimlik ildiziga yetkaziş orqali uni tejaş, namlikni maqbul darajada saqlaş va hosildorlikni oşiriş imkonini beradi.
Loyiha qamrovi bu bilan çeklanmaydi. Çöl hududlarining boşqa qismlarida ham “Mergan teks” va “Buxoro agroklaster” MÇJlar tomonidan serhosil ğöza navlarini yetiştiriş rejalaştirilgan. Şuningdek, Buxoro xalqaro aeroportiga olib boruvçi avtomobil yölining ikki tomonidagi keng maydonlarda çorvaçilik uçun ozuqa ekinlari ekilib, mustahkam ozuqa bazasini şakllantiriş közda tutilmoqda.

Bu esa hududda qişloq xöjaligining bir neçta yönalişini özaro boğliq holda rivojlantiriş imkonini beradi. Bir tomondan, boğdorçilik va paxtaçilik rivojlansa, ikkinçi tomondan, çorvaçilik uçun zarur ozuqa bazasi yaratiladi. Natijada yer resurslaridan kompleks foydalaniş, işlab çiqariş zanjirini kengaytiriş va qöşimça qiymat yaratiş uçun zamin hozirlanadi.
Örganiş jarayonida vazir loyihalar samaradorligini oşirişda xorijiy va mahalliy investorlar iştirokini kengaytiriş masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, AQŞning “Valley”, Avstriyaning “Bauer” kompaniyalari va boşqa xorijiy investorlar bilan hamkorlikni yölga qöyiş, paxtaçilik, boğdorçilik hamda çorvaçilik yönalişlarida zamonaviy işlab çiqariş loyihalarini amalga oşiriş imkoniyatlari muhokama qilindi.
Şu örinda, xalqaro tajriba va zamonaviy texnika-texnologiyalarni jalb etiş çöl hududlarini özlaştirişda muhim omillardan biri hisoblanadi. Bu nafaqat işlab çiqariş jarayonlarini samarali taşkil etiş, balki suv tejovçi yeçimlardan foydalaniş, mahsulot tannarxini kamaytiriş va agrar sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oşirişga ham xizmat qiladi.
Örganişlar yakunida loyihalar doirasida belgilangan agrotexnik tadbirlarni öz vaqtida, tizimli va sifatli amalga oşiriş, yer maydonlaridan samarali foydalaniş, investitsiya loyihalarini izçil taşkil etiş yuzasidan masʼullarga tegişli topşiriqlar berildi.
Şubhasiz, qariyb ming gektar maydonda rejalaştirilayotgan uşbu işlar Buxoro qişloq xöjaligi uçun yangi imkoniyatlar eşigini oçişi mumkin. Eng muhimi, çöl hududlarini zamonaviy agrotexnologiyalar asosida özlaştiriş orqali yerning iqtisodiy salohiyatini oşiriş, yangi iş örinlari yaratiş, mahalliy işlab çiqarişni kengaytiriş va viloyatning agrar tarmoğini yanada diversifikatsiya qiliş uçun zamin yaratiladi.
Zarif Komilov, ÖzA muxbiri