Institutsional bo‘shliq: AQSH ittifoqchilari Vashington bilan aloqalarni qayta ko‘rib chiqadi
Prezident Donald Trampning ikkinchi muddati Amerika tashqi siyosatida keng ko‘lamli o‘zgarish xususiyati bilan ajralib turdi. Boshqacha aytganda, an’anaviy institutsional diplomatiya shaxsiy aloqalarga yo‘l ochdi.
“Reuters” qayd etishicha, amerikalik diplomatlar ommaviy ravishda chetga surilgani, butun dunyo bo‘ylab AQSHning 195 elchilik lavozimining qariyb yarmi bo‘sh qolgani sababli, xorijiy hukumatlar Vashington bilan aloqa qoidasini tubdan o‘zgartirishga majbur bo‘lmoqda.
Yevropa va Osiyodagi ittifoqchilar Davlat departamenti rasmiy kanallari o‘rniga, tobora ko‘proq davlat rahbarining diplomatik maqomga ega bo‘lmagan ishonchli vakillaridan iborat kichik doira, masalan kuyovi Jared Kushner va biznesmen Stiv Uitkoff orqali aloqa o‘rnatmoqda.
Mavjud tizim inqirozi yaqinda Eron atrofidagi keskinlik avj olgan payt yaqqol namoyon bo‘ldi. O‘shanda Oq uyning "sivilizatsiyani yo‘q qilishga tayyorligi" haqidagi keskin iddaosidan so‘ng Yevropa poytaxtlari rasman yadroviy quroldan foydalanish ehtimoli haqida shoshilinch ravishda tushuntirish so‘radi. Binobarin, Davlat departamenti diplomatlarga “Tramp nimani nazarda tutgani yoki uning so‘zlari qanday natijaga olib kelishi mumkinligini bilmasliklarini” aytgan.
Vashingtondan kelayotgan, oqibatini oldindan aytib bo‘lmaydigan bunday signallarga javoban, asosiy ittifoqchilar, ya’ni- Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya o‘zini tiyish strategiyasini qo‘llab, vaziyat yanada keskinlashib ketmasligi uchun Amerika yetakchiining qo‘pol bayonotlarini shunchaki “bo‘sh dadillik” va “orqa fon shovqini” deya rad etishni afzal ko‘rdilar.
Shu bilan birga Davlat departamenti rasmiylari tizimli muvaffaqiyatsizlik haqidagi da’voni qat’iyan rad etib, hozirgi o‘zgarishlar, aksincha, qaror qabul qilish jarayonini soddalashtirgani, AQSHning global maydondagi mavqeini mustahkamlaganini ta’kidlamoqda.
S.Rahimov, O‘zA