Institutda zamonaviy karera markazi ish boshladi
Surxondaryo viloyatidagi Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida 28 ta ta’lim yo‘nalishi, 15 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 8 mingdan ortiq talaba ta’lim olib, o‘zlari tanlagan soha sirlarini chuqur o‘rganmoqda.
Oliy ta’lim muassasasining 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan istiqbolli rejasida tashkil etilishi belgilangan zamonaviy karera markazi talaba-yoshlarning darsdan bo‘sh vaqtida mustaqil ta’lim olishi, hunar o‘rganishi, o‘z bilimi, qobiliyat va iqtidorini tijoratlashtirish imkoniyatini yaratadi. Buning uchun pazandachilik, tikuvchilik-bichuvchilik sexlari, erkaklar sartaroshxonasi, go‘zallik saloni, amaliy san’at to‘garagi, koreys, yapon, xitoy, nemis, turk, ingliz, italyan va rus tillarini o‘rgatuvchi o‘quv kurslari tashkil etildi. Mazkur kasb va tillarni o‘rganuvchilarga o‘z sohasining tajribali mutaxassislari saboq beradi.

– Xorijiy tillar fakultetining rus tili yo‘nalishida o‘qiyman, – deydi buxorolik talaba Gulchehra Oblaqulova. – Markazning barpo etilgani qo‘shimcha kasblarni o‘rganishimiz uchun qulay imkoniyat yaratdi. Endi darsdan bo‘sh vaqtimizni shu yerda o‘tkazib, turli kasblarni chuqur o‘rganamiz. Men barcha sharoitlarga ega go‘zallik saloniga kelib, xotin-qizlarga oro berish sirlarini o‘rganishdan boshladim. Keyin pazandachilik bilan shug‘ullanishni ham ko‘nglimga tugib qo‘ydim.

“Tashabbusli byudjet” loyihasi mablag‘i evaziga qad rostlagan ikki qavatli binoda ilmiy g‘oya va innovatsion ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlovchi Biznes – inkubator ham tashkil etilgan. Bu yerda ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha startap hamda innovatsion loyihalar moliyalashtirishga tayyorlanmoqda. Ayni paytda institutda 1 ta innovatsion, 3 ta startap loyiha moliyalashtirilgan. Hozir davlat ilmiy loyihalar tanloviga 5 ta amaliy, 2 ta startap loyiha taqdim etilgan. Qurilish muhandisligi, iqtisodiyot, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash, kimyo texnologiyasi, oziq-ovqat texnologiyasi kabi ta’lim yo‘nalishi talabalarining ilmiy g‘oya va takliflari mahalliy ish beruvchilar, hokimiyatlar bilan muhokama etilib, moliyalashtirilishi kutilmoqda.

– Bugungi kunda ish beruvchilar yangi xodimning nafaqat olgan bilimini, balki yangi bilimlarni qanchalik tez o‘zlashtirishi, yangi sharoitga qanchalik tez moslashuvi va muvofiq harakat qilishini yuqori baholaydi, – deydi institut rektori O.Ro‘ziyev. – Institutimizda barpo etilgan bu markaz talabalarga qo‘shimcha kasblar o‘rgatadi, ishga joylashishiga yordam beradi. Shu maqsadda talabalar tanlov asosida saralab olinib, o‘z qiziquvi asosida qo‘shimcha kasb o‘rgatiladi. Til bilishni o‘rganmoqchi bo‘lgan talabalar uchun alohida dasturlar asosida mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Barcha til kursi dasturlari tinglovchilarni xorijiy til bilish sertifikati olish imtihoniga tayyorlaydi.

Markaz faoliyatini institutning marketing va talabalar amaliyoti bo‘limi muvofiqlashtirib boradi. Bu yerda ish beruvchilar, aholi bandligini ta’minlashga mas’ul tashkilotlar bilan uchrashuvlar tashkil etib borish ham rejalashtirilgan.

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, vohadagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, institut bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan tashkilot, muassasalar vakillari markazda bo‘lib, bu yerda talaba-yoshlarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Institut o‘qituvchilari va talabalari amalga oshirayotgan innovatsion ishlanmalar, startapdagi istiqbolli loyihalar ko‘zdan kechirildi. 400 o‘rinli davlat sheriklik asosidagi yangi yotoqxona qurilishiga start berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri