Inson” qasidasi qanday yaratilgan?
“Inson” qasidasi 1973-yilda yozilgan. Ilk marta shoirning 35 ming nusxada chiqqan “Muhabbat” sheʼrlar toʻplamiga kirgan (1976).
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Margʻilonda atoqli shoir Erkin Vohidovning muzeyi va ijod maktabining ochilishida xonanda Ozodbek Nazarbekovga kutilmagan bir taklif bilan murojaat qildi:
“Ulugʻ shoirimizning “Inson” qasidasi benazir asar. Uni bir qancha tillarga tarjima qilib, kuyga solib qoʻshiq qilib aytinglar. Hozir ham inson gʻoyasi qanchalar noyob va aziz ekanligini odamlar, yoshlar bilsin”.
“Inson” qasidasi 1973-yilda yozilgan. Ilk marta shoirning 35 ming nusxada chiqqan “Muhabbat” sheʼrlar toʻplamiga kirgan (1976).
Oʻsha yil Erkin Vohidov Gyotening ulugʻvor tragediyasi “Faust”ni oʻzbekchaga tarjima qilishga kirishdi. “Faust”ni chuqur oʻrganish va sevib tarjima qilish uning ijodi, insoniy qarashlari oʻsishi, oʻzgarishiga sabab boʻldi. Dastlab “Arshi aʼlodagi Debocha”ni tarjima qilaturib u qattiq hayajonli damlarni boshidan kechirdi. Shu favqulodda hayajon ichida biz doʻstlariga “Debocha”ni yonib, toshib oʻqib berdi. Biz ham yangi sheʼr ohanglaridan lol qoldik.
– Inson gʻoyasining bunchalar chuqur va serqamrovligini qarang, – dedi shoir hali biz fikrimizni bildirib ulgurmay, – inson maʼrifati bilan iblisning makru nayranglari toʻxtamay davom etadigan mangu kurash manzaralarini qarang! Tarjima bu yoqda qolib xayolimda shu ruhda tantanavor sheʼrlar tugʻilyapti qasidaga oʻxshagan. Nasib etsa, tugallab oʻqib beraman... Shoir soʻzida turdi. Tez orada “Inson” qasidasi, “Ruhlar isyoni” va necha-necha donishmand gʻazallar tugʻildi.
“Inson” qasidasida inson falsafiy borligʻining qamrovi yaratilgan, asar gʻoyatda boy va realistik, hayotga hamohang. Sharq sheʼriyati qasida anʼanasida bunday gʻoyatda taʼsirchan qofiya va sifatlash. oʻxshatish, qiyoslash, ishoralar uchramagan edi. “Inson"da makonlar, zamonlar ayni XX asr donishmandi nigohida xaqqoniy mujassamlandi. Erkin Vohidov “Inson” va “Oʻzbegim”, “Oʻzbekiston”, “Qoʻllar” singari boshqa qasidalarida oʻsha zamon partiya-sovet tuzumining talablariga boʻysunib, “sotsialistik qadriyatlar”, “qalbaki qahramonliklar”ni emas, oʻzbek xalqining umuminsoniyatga chambarchas tutash boʻlgan oʻlmas qadriyatlariga urgʻu berdi. Shoir gʻazal dunyosini qanday yangilagan boʻlsa, mumtoz adabiyotning oʻqi hisoblangan qasidani ham shunday har tomonlama yangiladi.
Mana, ajib va noyob qoʻshiq dunyoga keldi. Uni oʻzbek tilida Ozodbek Nazarbekov, qozoq tilida Omirqul Ayniyazov, arab tilida Ahmad Al- Xuraybiy, turkchada Rafet El-Roman, italyan tilida Alessandro Safina, ingliz tilida Dilafruz Rustamova, tojik tilida Zafar Abdualimov, rus tilida Oleg Gazmanov yurakdan samimiy kuyladilar. Kuy soʻzga, soʻz kuyga gʻoyatda muvofiq tushdi. Goʻzal ovozlar bir-biriga ulandi. Ohangrabo bir qoʻshik olam ufqlariga yoyildi...
Ibrohim Gʻafurov,
Oʻzbekiston sanʼat arbobi, adabiyotshunos