Inson qadrini ulug‘lovchi ezgu tashabbus
Bugungi kunda jamiyatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ularning hayot sifatini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, Buxoro tumani Do‘stlik mahallasida faoliyat yuritayotgan “Maxsus kunduzgi qarab turish xizmati” markazi ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgan muhim ijtimoiy loyihalardan biridir.
Mazkur markaz shifokor va tadbirkor Avezgul Ro‘ziyeva tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, u maxsus parvarishga muhtoj insonlar uchun xavfsiz, qulay va mehribon muhit yaratishni maqsad qilgan. Markaz faoliyati nafaqat parvarish xizmatlarini ko‘rsatish, balki mijozlarni jamiyatga moslashtirish va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Bu yerda asosan ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser nazoratida turuvchi, xulq-atvorida og‘ir buzilishlar kuzatilmaydigan 18 yoshdan katta bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatiladi. Ular uchun kundalik parvarish, sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari, turli metodik o‘yinlar va ijtimoiy moslashuvga ko‘maklashuvchi tadbirlar muntazam tashkil etiladi.

Jumladan, doimiy ravishda markazga qatnab kelayotgan Nigora Avezova bolalikdan nogironligi sabab uyda yolg‘iz qolib, ruhiy tushkunlikka tushgan edi. Markazdagi mashg‘ulotlar, tibbiy va psixologik qo‘llab-quvvatlash orqali uning kayfiyati va umumiy sog‘ligida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Bugun u nafaqat faolroq, balki hayotga bo‘lgan qiziqishi ham ortgan.

Markaz rahbari Avezgul Ro‘ziyeva ta’kidlaganidek, bunday bemorlarning barchasi ham doimiy tibbiy muolajalarga muhtoj emas. Ular bilan muntazam muloqot qilish, turli mashg‘ulotlar tashkil etish, jismoniy faollikni oshirish va vaqtni mazmunli o‘tkazish orqali ruhiy salomatlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatish mumkin.

Markazning tashkil etilishida “Inson” markazi ko‘magi ham muhim ahamiyat kasb etgan. Bu esa davlat va xususiy sektor hamkorligi orqali aholi farovonligini oshirish mumkinligining yana bir yorqin namunasidir.

“Maxsus kunduzgi qarab turish xizmati” markazi nafaqat ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga amaliy yordam ko‘rsatmoqda, balki ularning hayotga bo‘lgan ishonchini tiklash, jamiyatga moslashuvini ta’minlashda ham muhim o‘rin tutmoqda. Bunday tashabbuslar inson qadrini ulug‘lash, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash va jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlash yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.