Inson qadri ulug‘langan yurtning kelajagi ham ulug‘dir
Munosabat
Inson – bu dunyoning azizu mukarram xilqati, mavjudodlar ichra sarvaridir. Insonning qadr-qimmati pok qalbga, ezgu maqsadga egaligi, undagi imon-e’tiqod va qilgan go‘zal amallari bilan o‘lchanadi. Inson qadrini o‘lchashning ana shu ilohiy mezonlari ishga solingandagina odamlar haqiqiy qadr topadi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan barcha islohotlar mana shunday inson dardu tashvishlarini yengillatish, uning farovon hayot kechirishiga qaratilgan bo‘lib, xalq bilan bevosita muloqot qilish, muammolarni ijobiy hal etish bo‘yicha yangi tizim yaratildi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan xalqchil g‘oya qaror topdi va bu tobora mustahkamlanib bormoqda. Insonning haq-huquqlari, qadr-qimmati, qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish tamoyili islohotlar mohiyatini tashkil etadi. Bir so‘z bilan aytganda, ulug‘vor va ulkan mazmun-mohiyatli tushuncha – inson qadr-qimmati bosh maqsadga aylangan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yangi yil munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigida keng jamoatchilikning fikrlarini o‘rganganligi natijasida va takliflardan kelib chiqib, yangi 2022 yilni O‘zbekistonda «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili» deb e’lon qilishni taklif etar ekan, inson qadrini ulug‘lash – yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash ekanligini hamda bu borada jamiyatimiz asosi bo‘lgan mahalla hal qiluvchi o‘rin tutishi ekanligini aytib o‘tdi.
Shu sababli, Yangi O‘zbekiston strategiyasining uzviy va davomiyligini ta’minlash bilan birga inson qadrini yuksaltirish, xalqimiz farovonligini yanada oshirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida “Inson qadri uchun” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat “Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bugungi kunda asosiy g‘oya va bosh mezon sifatida yo‘lga qo‘yildi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, inson qadri-qimmatini ulug‘lash mezonida inson huquqlarini himoya qilish xalqaro hamjamiyatda ham o‘z aksini topib kelmoqda.«1948 yil 10 dekabr — Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi» qabul qilingan sana Xalqaro inson huquqlari kuni sifatida butun dunyoda bayram sifatida keng nishonlab kelinmoqda.
Qayd etish lozimki, mazkur Deklaratsiya O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so‘ng qo‘shilgan dastlabki xalqaro-huquqiy hujjatlardan biri hisoblanadi.
Inson huquqlarini himoya qilish sohasida olib borilgan izchil islohotlar hamda amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida 2020 yilda O‘zbekiston tarixda ilk marotaba BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga a’zo bo‘ldi. Endilikda mamlakatimiz ushbu nufuzli tashkilotga a’zo 47 ta davlat qatorida faoliyat yuritib kelmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mamlakatimizda va xalqaro hamjamiyatda inson qadrini, uning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan barcha islohotlar insondagi azizlik va mukarramlik sharafini ulug‘lash barobarida, xalq manfaati, din rivoji va mamlakat obodligi yo‘lida o‘z hissasini qo‘shishga undaydi.
Noila Mustafoyeva,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xorijiy tillar kafedrasi katta o‘qituvchisi
O‘zA