Inson qadri ulug‘langan yurtda yashash sharaf
Buxoro muhandislik texnologiya institutida Salix Astanov 58 yildan buyon yoshlarga saboq berib kelmoqda. Uning rahbarligida “Meva, sabzavot va poliz ekinlariga ishlov berib eksportbop oziq-ovqat mahsulotlari olish texnologiyasini yaratish”ning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan 15 dan ziyod ixtiro patentlari olingan. 300 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlar va 14 ta elektron o‘quv qo‘llanmalar nashr etgan. Davlatimiz rahbari farmoni asosida Salix Astanovning ham mehnatlari alohida qadr topdi.
– Oʻqituvchi kasbida 58-yildan ziyod vaqt davomida mehnat qilib kelmoqdaman, – deydi Buxoro muhandislik-texnologiya institutining aniq fanlar kafedrasi professori, II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni sohibi Salix Astanov. – Inson qadri ulugʻlangan yurtda yashayapmiz. Yurtning rivoji yoʻlida amalga oshirilgan ish esa hech qachon ragʻbatsiz qolmaydi.

Oʻtgan vaqt davomida professor Salix Astanov oʻzidan katta maktab yarata oldi. Hozir ham mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, mahsulotlar sifat koʻrsatkichlarini oshirish va yuqori samaralarga erishishda uning ilmiy ishlanmalari asosiy manbalardan sanaladi.
– Taʼlim sohasiga qaratilayotgan islohotlar, oʻqituvchi va murabbiylar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar bugun har bir oʻqituvchi, pedagoglar eʼzozda ekanligini koʻrsatmoqda, – deydi Buxoro muhandislik-texnologiya instituti Yoshlar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Sheroz Temirov. – Davlat rahbari tomonidan ustoz Salix Astanovning taqdirlangani biz uchun faxr boʻldi. Hozirda, 80 yoshni qarshilayotgan Salix Astanov hamon yurt taraqqiyoti yoʻlida mehnat qilib kelmoqda. Yillar davomida qilgan mehnatlari natijasida bugun ustoz xalqimizning eʼtibor va eʼtirofida.
Darhaqiqat, inson qadri ulugʻlangan yurtda yashayapmiz. Uning rivoji yoʻlida amalga oshirilgan ish esa hech qachon ragʻbatsiz qolmaydi.
Zarif Komilov,
OʻzA muxbiri.