Inson qadri ulug‘langan, xalqchil va adolatli sud tizimi – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori
Yangi farmon sharhi
Taraqqiyotning har bir yangi, mas’uliyatli bosqichi jamiyat oldiga yangi va yanada ulug‘vor vazifalar qo‘yadi. Bugun Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, ortga qaytmas va shiddatli islohotlarning markazida eng ulug‘ qadriyat – inson sha’ni, qadr-qimmati, uning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kabi oliy maqsadlar turibdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlov – 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni mazkur yo‘nalishdagi strategik qarashlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘taruvchi, mamlakatimizning kelajak o‘n yillikdagi taraqqiyot yo‘nalishlarini aniq belgilab beruvchi tarixiy va dasturilamal hujjat bo‘ldi. Ushbu farmonning mazmun-mohiyatini chuqur anglab yetmoq uchun uning naqadar hayotiy, xalqchil va chuqur insonparvar g‘oyalarga suyaganiga e’tibor qaratish lozim, chunki u oddiy insonlarning kundalik hayotida adolat va xotirjamlikni ta’minlashga xizmat qilishga qaratilgani bilan ham o‘zidan oldingi sohaga oid hujjatlarga nisbatan ahamiyatli sanaladi.

Mazkur Strategiya sud tizimini isloh qilishning oltita muhim va yaxlit ustuniga asoslanadi. Xususan, “xalqchil sud” tamoyili orqali sudlar faoliyatining shaffofligini keskin oshirish, sud jarayonlari va unga oid axborotlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, sudlarni har qanday byurokratiyadan butunlay xoli tizimga aylantirish hamda jamiyatda sudga nisbatan mutlaq ishonchni qaror toptirish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, inson huquqlari ustuvorligini so‘zsiz ta’minlaydigan, har qanday tashqi ta’sir va aralashuvlardan to‘liq xoli bo‘lgan mustaqil odil sudlov tizimini mustahkamlash orqali uni haqiqiy “adolat qo‘rg‘oni”ga aylantirish ustuvor vazifa etib belgilandi. Qonuniy, adolatli va qat’iy asoslantirilgan sud qarorlarini qabul qilish, ularning sifati hamda barqarorligini ta’minlash esa fuqarolarning buzilgan huquqlarini sud orqali qayta tiklash kafolatlarini yanada kuchaytiradi.
Albatta, bunday yuksak marralarga erishish uchun avvalo xalq xizmatida bo‘lgan, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, professional va adolat mezonlariga sodiq sudyalar korpusini shakllantirish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, raqamli odil sudlovni joriy etish orqali fuqarolarga ortiqcha ovoragarchiliklarsiz, tezkor va qulay sud muhokamasi imkoniyatini yaratish, shuningdek, inson huquqlari sohasidagi ilg‘or xalqaro standartlarni milliy amaliyotga implementatsiya qilib, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirish mazkur strategik hujjatning mazmun-mohiyatini to‘laqonli ochib beradi.
Qolaversa, Strategiyada islohotlarning amaliy natijasi o‘laroq, sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish tizimi tubdan takomillashtirilmoqda. Jumladan, 2027-yil 1-iyuldan boshlab umumyurisdiksiya va ma’muriy sud yo‘nalishlarida ishlarni qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan hamda yurisdiksiya hududi bir nechta ma’muriy-hududiy birliklarni qamrab oladigan hududlararo sudlar tashkil etilishi belgilandi. Bu oddiy insonlar hayotida nimalarni o‘zgartiradi? Avvalo, mahalliy ta’sirlardan xoli bo‘lgan holda sud qarorlarini xolis va adolatli ko‘rib chiqish uchun mustahkam huquqiy kafolat yaratadi.
Shu bilan birga, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish, ayniqsa chekka hududlarda istiqomat qilayotgan aholiga sud himoyasidan foydalanish imkoniyatini yaqinlashtirish maqsadida 2027–2030-yillarda barcha hududlarda fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari bosqichma-bosqich tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu olis qishloq va mahallalarda yashayotgan yurtdoshlarimizning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini keskin kengaytirib, ularning ovoragarchiliklariga barham beradi.
Inson qadrini ulug‘lash yo‘lidagi eng katta qadamlardan yana biri bu – jinoyat protsessining sudga qadar ish yuritish bosqichida sud nazoratini tubdan kuchaytirishdir. Farmonga muvofiq, 2027-yil 1-iyuldan boshlab “asosli gumon” (Prima Facie) xalqaro standartiga muvofiq tergov sudyasiga tegishli protsessual majburlov choralarini qo‘llash yuzasidan iltimosnomalarni ko‘rib chiqishda shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va asosliligini, gumon qilish yoki ayblov e’lon qilish uchun asoslar yetarliligini tekshirish vakolatlari beriladi. Bu – har bir fuqaroning shaxsiy erkinligi va daxlsizligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalarda qat’iy konstitutsiyaviy kafolatlarning amalda ishlashini kafolatlaydi. Endilikda inson taqdiriga daxldor har bir protsessual qaror faqatgina professional va xolis sud nazorati orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, farmon bilan sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, odil sudlov sifatini oshirish borasida ham ulkan qadamlar tashlanmoqda. Jumladan, 2027-yil 1-avgustdan boshlab yagona sud amaliyotini shakllantiruvchi Oliy sud Rayosati qarorlarini ochiq e’lon qilib borish amaliyoti – “Pretsedentlar” reyestri joriy etiladi. Bu esa sud qarorlarining barqarorligi va birxilligini ta’minlab, fuqarolar va tadbirkorlarga huquqini oldindan aytib berish imkoniyatini yaratadi.
Shu bilan birga, sud binolarida “yagona darcha” tamoyili asosida zamonaviy xizmat ko‘rsatish ofislarining faoliyati yo‘lga qo‘yilishi fuqarolarga zarur axborotlarni bir joyning o‘zida olish, protsessual murojaatlar bo‘yicha tashkiliy yordam ko‘rsatish va raqamli sud xizmatlaridan foydalanishda amaliy ko‘mak beradi. Oliy sudning interaktiv xizmatlar portali (my.sud.uz) va uning hujjatlarni tayyorlash jarayonlarini soddalashtirish orqali odamlarning og‘irini yengil qiladi.
Qolaversa, sudlar mustaqilligini ta’minlashning eng muhim sharti sifatida 2028-yil 1-yanvardan boshlab xalqaro standartlar asosida sud ma’murchiligi instituti joriy etilishi belgilandi. Bu sudyalarni odil sudlovga daxldor bo‘lmagan tashkiliy, xo‘jalik va boshqa vazifalardan to‘liq ozod etib, ularning faqat va faqat qonun ustuvorligini ta’minlash hamda adolatli qarorlar chiqarish bilan shug‘ullanishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, “Odil sudlov – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarning izchil hayotga tatbiq etilishi mamlakatimizda inson qadrini ustuvor qo‘yish, qonun ustuvorligini so‘zsiz ta’minlash hamda konstitutsiyaviy qadriyatlarni himoya qilishning yana bir tarixiy amaliy ifodasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi o‘z vakolatlari doirasida har bir qonun normasi, shu jumladan, sud-huquq sohasida qabul qilinayotgan strategik hujjatlar Bosh qomusimizning ruhi va mazmuniga to‘liq muvofiq bo‘lishini ta’minlashga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga hamda milliy qonunchilik tizimini izchil takomillashtirishga alohida e’tibor qaratadi.
Ishonchim komilki, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, inson erkinligi va daxlsizligining kuchli konstitutsiyaviy kafolatlarining yanada mustahkamlanishi jamiyatimizda odil sudlov va adolat tamoyillarining tantana qilishiga hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarilishiga xizmat qiladi.
Nilufarxon SAID-GAZIEVA,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi
Devon rahbari, yu.f.d.
O‘zA