Inson mehnati qadrlangan yurt
Jamoada mehnat qilayotgan inson faqat o‘z oilasi farovonligini ta’minlabgina qolmay, jamiyat rivojiga ham munosib hissa qo‘shadi. Shu bois, bugun mehnat munosabatlarining markazida, avvalo, inson, uning qadr-qimmati, huquq va manfaatlari, oilasi hamda kelajakka bo‘lgan ishonchi turishi kerak.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 17-oktabrda kasaba uyushmalarining faollari va faxriylari bilan o‘tkazgan uchrashuvida ushbu tizimning jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlash, xodimlar huquqlarini ishonchli himoya qilish, ijtimoiy sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan edi. Bugun O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati kengashi tomonidan mahalliy hokimliklar, boshqarma va idoralar, tashkilot va muassasalar bilan hamkorlikda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Aytish joizki, mehnat munosabatlaridagi qonun ustuvorligini ta’minlashda xodimlarning huquqiy savodxonligi muhim ahamiyatga ega. Chunki o‘z haq-huquqini yaxshi bilgan xodim uni talab qila oladi. O‘z majburiyati va mas’uliyatini anglagan ish beruvchi esa, ishlarni qonun va adolat tamoyillari asosida tashkil etadi. Shu ma’noda, kasaba uyushmalari mas’ullari ishtirokida huquqiy targ‘ibot va o‘qitish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2026-yilning birinchi yarim yilligida viloyatning tuman va shaharlaridagi tashkilot va muassasalarda 800 dan ziyod ana shunday o‘quv mashg‘ulotlari hamda 1200 dan ortiq seminarlar o‘tkazildi.
Mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlaridan biri – jamoa shartnomalaridir. Bu borada 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan Hududiy jamoa kelishuvining imzolanishi ijtimoiy sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Bugungi kunda mavjud 44 ta tarmoq kelishuviga muvofiq, 5800 dan ziyod jamoa shartnomasi ekspertizadan o‘tkazildi. Bu esa jamoa shartnomasi faqat rasmiy hujjat emas, balki xodimning mehnat va ijtimoiy huquqlarini amalda ta’minlashga xizmat qiladigan muhim mexanizm ekanini ko‘rsatadi.
Albatta, xodimning manfaati uning munosib dam olishi va salomatligini tiklashi bilan ham belgilanadi. Shu maqsadda, qariyb 12 ming nafar ishchi-xodim, jumladan, 3500 dan ziyod yoshlar “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” shiori ostida mamlakatimizning diqqatga sazovor maskanlariga sayohatlarga yuborildi. Buning uchun 2,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Shuningdek, 2400 nafardan ortiq xodim 14 milliard so‘mlik imtiyozli yo‘llanmalar asosida kasaba uyushmalari tasarrufidagi sanatoriylarda sog‘ligini tiklash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Biroq, erishilgan natijalar bilan bir qatorda, jiddiy xulosa chiqarish lozim bo‘lgan masalalar ham bor. Tahlillarga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarim yilligida ishlab chiqarish korxonalarida 58 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Ushbu hodisalar oqibatida 60 nafar ishchi-xodim jabrlangan, 27 nafari hayotdan ko‘z yumgan hamda 32 nafari og‘ir tan jarohati olgan. Albatta, keltirilgan har bir raqam ortida inson hayoti, oila taqdiri, farzandlar kelajagi turibdi. Shuning uchun ish joylarida “Avvalo xavfsizlik” tamoyili ustuvor bo‘lishi kerak. Ayniqsa, xavfli ishlab chiqarish korxonalarida xodimlarni zarur shaxsiy himoya vositalari bilan to‘liq ta’minlash, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni muntazam yangilash, xavfli ish jarayonlarini doimiy nazorat qilish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardir.
Shuningdek, xodimlarning buzilgan mehnat huquqlarini tiklash borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2026-yil boshidan buyon kasaba uyushmalariga 70 ga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 33 tasi ijobiy hal etildi. Kasaba uyushmalarining bevosita aralashuvi bilan 48 nafar fuqaroning mehnat huquqlari tiklandi. Ish haqi va boshqa to‘lovlarning kechiktirilganligi hamda ma’naviy ziyon uchun 24 million so‘mdan ziyod mablag‘ undirib berildi.
Xotin-qizlarning mehnat huquqlarini ta’minlash, ular uchun munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish ham muhim yo‘nalishlardan biri. Jamoalardagi ikki yoshdan uch yoshgacha bola parvarishi ta’tilida bo‘lgan 400 nafarga yaqin yosh onaga 87 million so‘mdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatildi. Nodavlat mulk shaklidagi korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan bolali 270 nafarga yaqin ayol uchun oylik ish haqi saqlangan holda ish vaqti haftasiga 35 soatdan oshmaydigan tartib belgilandi. Bunday yondashuv xotin-qizlarning mehnat qilish huquqi bilan birga, onalik vazifalarini ham bajarishi uchun zarur sharoitlarni ta’minlashga qaratilganligi bilan ahamiyatli.
Yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni munosib ish o‘rinlariga joylashtirish va kasb-hunarga yo‘naltirish xususida belgilangan vazifalar ijrosi o‘laroq, viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan yarmarkalarda mingdan ortiq yoshlar doimiy ishga joylashtirildi, 1300 nafari qayta o‘qitish kurslariga yuborildi.
Muxtasar aytganda, mehnat sohasida inson manfaatlarini ta’minlash doimiy e’tibor va mas’uliyatni talab qiladigan jarayon. Shu bois, har bir xodimning huquqi ishonchli himoyalangan, mehnati munosib baholangan, albatta, ish joyida xavfsizligi ta’minlangan muhitni yaratish asosiy vazifadir.
Zero, xodim o‘z mehnati qadrlanayotganini his qilsagina, uning ertangi kuniga bo‘lgan ishonchi ortadi. Insonga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik esa, pirovardida, oila farovonligi va jamiyat taraqqiyotiga ham bevosita xizmat qiladi. Chunki inson qadrlangan joyda mehnat ham qadrlanadi.
Sayyora Fayziyeva,
Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi raisi,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi
Toshkent viloyati kengashi raisi,
O‘zA