Inson huquqlari sohasidagi murojaatlar qanday hal qilinmoqda?
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida 2026-yilning birinchi yarmida murojaatlar bilan qanday ish olib borildi?
Markaz matbuot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev shu haqda ma’lumot berdi:
– Joriy yil birinchi yarmida Milliy markazga 554 murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning 518 tasi taalluqliligi bo‘yicha tegishli davlat organlari va tashkilotlarga yuborilgan. 36 murojaat esa anonim bo‘lgani sababli qonunchilik talablariga muvofiq ko‘rib chiqilmasdan qoldirilgan.
Milliy markaz qabulxonasida hisobot davrida 342 nafar fuqaro qabul qilindi. Ularning 173 nafaridan yozma murojaatlar qabul qilinib, belgilangan tartibda ish yurituviga olindi. 169 nafar fuqaroga esa joyida huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi.
Murojaatlarning 33,3 foizi fuqarolarni bevosita qabul qilish jarayonida, 66,6 foizi esa aloqa vositalari, asosan, pochta orqali kelib tushgan.
Shuningdek, 17 murojaat Prezident va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Virtual qabulxonalari orqali, 38 tasi Milliy markazning Virtual qabulxonasi orqali qayd etilgan.
Murojaatlarning 85,3 foizi ariza, 14 foizi shikoyat va 0,5 foizi taklif sifatida ro‘yxatga olingan.
Murojaatlar mazmun jihatidan ham tahlil qilinganda, 50,1 foizi – shaxsiy, 45,1 foizi - ijtimoiy-iqtisodiy, 4,2 foizi – siyosiy, 0,3 foizi - madaniy huquqlarga oid masalalarni tashkil etdi.
Milliy markaz tomonidan turli davlat organlariga yuborilgan 149 tavsiya ko‘rib chiqilishi natijasida 25 murojaat bo‘yicha fuqarolarning huquqlari to‘liq tiklandi.
Bundan tashqari, olti oy davomida Milliy markazga telefon orqali murojaat qilgan 1 ming 342 nafar fuqaroga huquqiy maslahatlar berildi.
Hisobot davrida aholi bilan sayyor qabul va ochiq muloqotlar o‘tkazishga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 16-19-mart kunlari Buxoro viloyatining G‘ijduvon va Kogon tumanlarida, 19-22-may kunlari esa Andijon viloyatining Asaka va Shahrixon tumanlarida ochiq muloqotlar tashkil etildi.
Milliy markaz vakillari Asakada 51 nafar, Shahrixonda 44 nafar, jami 95 nafar fuqaro bilan uchrashdi. Murojaatlarning 26 tasi ijtimoiy, 46 tasi iqtisodiy va 23 tasi boshqa masalalarga oid bo‘lgan.
Milliy markaz xalqaro yo‘nalishda individual murojaatlar bilan ishlash borasida ham faoliyat olib boradi. BMTning inson huquqlari mexanizmlari doirasida kelib tushgan 3 ta individual murojaat ko‘rib chiqildi.
Har bir murojaat yuzasidan, avvalo, tegishli vazirlik va idoralardan zarur ma’lumotlar olinib, ular milliy qonunchilik hamda O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlari nuqtai nazaridan tahlil qilindi. Shu asosda BMTning tegishli organlariga O‘zbekiston Respublikasining rasmiy huquqiy pozitsiyasi tayyorlandi.
Hisobot davrida mazkur yo‘nalishda muhim institutsional qadam ham tashlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-fevraldagi tegishli farmoni asosida BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tomonidan yuboriladigan murojaatlar hamda mulohazalarni ko‘rib chiqishning yangi tartibi joriy etildi.
Mazkur hujjat bilan davlat organlari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyati kuchaytirildi, Milliy markazning muvofiqlashtiruvchi vakolatlari aniq belgilab berildi hamda davlatning yagona huquqiy pozitsiyasini shakllantirishning huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi.
Bu esa xalqaro inson huquqlari mexanizmlari bilan muloqotni tizimli tashkil etish, murojaatlarni belgilangan muddatlarda va sifatli ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratmoqda.
Shu bilan birga, amaliyot tahlili ayrim masalalar hali ham dolzarbligicha qolayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, ba’zi hollarda davlat organlaridan zarur ma’lumotlarni olish uchun muayyan vaqt talab etiladi. So‘ralayotgan axborotning turli formatlarda taqdim etilishi esa yagona huquqiy pozitsiyani qisqa muddatlarda shakllantirish jarayoniga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Umuman, 2026-yilning birinchi yarmida murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, davlat organlari o‘rtasida axborot almashinuvini yanada takomillashtirish hamda inson huquqlarini himoya qilishning milliy va xalqaro mexanizmlarini kuchaytirish muhimligini ko‘rsatmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA