Inson huquqlari himoyasida yangi bosqich
Inson huquqi haqida gap ketganda, uni qonunda belgilab qo‘yishning o‘zi yetarli emas. Huquq buzilgan taqdirda uni tez, samarali va ortiqcha to‘siqlarsiz tiklash imkoniyati mavjud bo‘lsagina, qonun inson uchun haqiqiy kafolatga aylanadi. Shu ma’noda sudga murojaat qilish imkoniyati, ishning xolis ko‘rilishi, qarorning qonuniy va asosli bo‘lishi hamda uning o‘z vaqtida ijro etilishi - inson huquqlarini ta’minlashning eng muhim mezonlaridan hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-avgustdagi farmoni bilan tasdiqlangan “Odil sudlov – 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi aynan shu masalalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutadi. Strategiyaning mazmun-mohiyatida inson qadrini ulug‘lash, huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlarni sud orqali ishonchli himoya qilish markaziy o‘ringa qo‘yilgan.
Hujjatda sud tizimini rivojlantirish “xalqchil sud”, “adolat qo‘rg‘oni”, “kafolatlangan adolat”, “adolat posbonlari”, “raqamli odil sudlov” va “xalqaro e’tirof” kabi olti asosiy ustunga tayanishi belgilangan. Bu yondashuvning o‘ziyoq islohotning asosiy ob’ekti sud idorasi emas, balki sudga huquqini himoya qilish uchun kelayotgan inson ekanini ko‘rsatadi.
Odil sudlov insonga qanchalik yaqin?
Sud himoyasidan foydalanish huquqi faqat sudning mavjudligi bilan o‘lchanmaydi. Fuqaro sudga borish uchun qancha vaqt sarflayapti, qancha masofa bosib o‘tyapti, ishini yuritish uchun necha marta kelib-ketishiga to‘g‘ri kelyapti. Bular ham odil sudlovga erishishning amaliy ko‘rsatkichlaridir.
Bugungi kunda fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlar tizimi faoliyat yuritmoqda. Bu tizim o‘z vazifasini bajarayotgan bo‘lsa-da, ayrim chekka hududlarda yashovchi fuqarolar uchun sudga yetib borish muayyan vaqt va xarajatni talab qilishi tabiiy.
Shu nuqtai nazardan, strategiyada 2027-2030-yillarda barcha hududlarda fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarini bosqichma-bosqich tashkil etish belgilanayotgani katta ijtimoiy ahamiyatga ega. Bunda aholi soni, sudlarga kelib tushayotgan ishlar hajmi, sudyalar ish yuklamasi, hududiy xususiyatlar va odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlari hisobga olinadi.
Bu yangilik amalda to‘liq ishlay boshlashi bilan sud fuqaroga hududiy jihatdan ham yaqinlashadi. Ayniqsa, oilaviy, uy-joy, mehnat, meros, aliment va boshqa kundalik hayot bilan uzviy bog‘liq nizolarda fuqaroning o‘z hududida sud himoyasidan foydalana olishi nafaqat qulaylik, balki odil sudlovga teng yetib borish imkoniyati demakdir.
Strategiyadagi eng xalqchil yangiliklardan yana biri sudga berilgan arizalar bilan ishlash tartibiga taalluqli. Ya’ni, fuqaroning protsessual xatosi uni huquqiy himoyadan uzoqlashtirmasligi kerak.
Amaliyotda fuqaro yoki tadbirkor huquqshunos bo‘lmasligi, nizoning aynan qaysi sud vakolatiga tegishli ekanini to‘g‘ri aniqlay olmasligi mumkin. Ayrim protsessual talablarga rioya qilinmagani ham insonning o‘z huquqini himoya qilish istagi yo‘qligini emas, huquqiy bilim yoki amaliy tajriba yetishmasligini anglatadi.
Biroq protsessual xato tufayli ariza qaytarilishi fuqaroning yana hujjat tayyorlashi, boshqa sudga murojaat qilishi, vaqt va mablag‘ sarflashiga sabab bo‘ladi. Eng muhimi, huquqni tiklash muddati cho‘ziladi.
Ushbu farmonda bu masalaga prinsipial jihatdan yangi yondashuv belgilangan: fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritishda ish mazkur sudning sudloviga tegishli emasligi sababli arizani qaytarish asosini bekor qilish va uni sudning o‘zi tegishli sudga o‘tkazishi, shuningdek, juz’iy, ya’ni formal kamchiliklar mavjud bo‘lganda arizani qabul qilib, kamchiliklarni sudning faol ko‘magi bilan bartaraf etish tartibini joriy qilish belgilandi.
Bu oddiy protsessual o‘zgarishdek ko‘rinishi mumkin. Aslida esa uning ortida katta huquqiy g‘oya bor: fuqaro idoralar o‘rtasida yurmasligi, aksincha, tizim uning huquqini himoya qilishga xizmat qilishi kerak.
Mazkur jarayonni amalga oshirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini 2027-yil 1-aprelga qadar kiritish vazifasi belgilangan. Demak, ushbu mexanizmlar tegishli protsessual qonunchilikka kiritilib, amalda to‘liq ishlay boshlaganda, sudga murojaat qilishdagi ortiqcha sarsongarchilik sezilarli kamayishi mumkin.
Bu inson huquqlarini himoya qilishning muhim sifat o‘zgarishidir: sud fuqaroning xatosini izlashdan ko‘ra uning buzilgan huquqini tiklashga ko‘proq yo‘naltiriladi.
Inson huquqlarini himoya qilish nuqtai nazaridan farmonning jinoyat protsessiga oid normalari alohida e’tiborga loyiq.
O‘zbekistonda 2025-yil 1-yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarida alohida tergov sudyalari instituti joriy qilingan. Sudga qadar ish yuritish davrida bir qator protsessual qarorlarga sanksiya berish masalalari shu sudyalar tomonidan hal etila boshlandi. Buning o‘zi shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqini sud orqali kafolatlashda muhim bosqich bo‘ldi.
Endi “Odil sudlov – 2030” strategiyasi ushbu institutni yanada kuchaytirishni nazarda tutmoqda.
2027-yil 1-iyuldan boshlab “asosli gumon” Prima Facie xalqaro standarti asosida tergov sudyasiga protsessual majburlov chorasini qo‘llash haqidagi iltimosnomani ko‘rar ekan, shaxsni ushlab turishning nafaqat rasmiy qonuniyligini, balki uning asosliligini, gumon yoki ayblov uchun yetarli asoslar mavjudligini ham tekshirish vakolatini berish nazarda tutilgan. Shubha paydo bo‘lsa, tergov sirini saqlagan holda qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish imkoni ham belgilanmoqda.
Bu juda muhim farq. Ya’ni sud nazoratining mazmuni “hujjatlar rasmiy jihatdan to‘g‘rimi?” degan savol bilan cheklanib qolmasdan, “insonning erkinligini cheklash uchun haqiqatan yetarli huquqiy va faktik asos bormi?” degan savolga ham javob izlaydi.
Shuningdek, shaxsning konstitutsiyaviy huquqlarini bevosita cheklaydigan tezkor-qidiruv tadbirlariga sanksiya sudlar tomonidan berilishini qonunchilikda belgilash vazifasi qo‘yilgan. Bu esa “Xabeas korpus” institutining ta’sir doirasini kengaytirib, shaxsiy daxlsizlik, shaxsiy hayot va boshqa konstitutsiyaviy huquqlarga aralashuv ustidan mustaqil sud nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Bu mexanizmlar to‘liq joriy etilgach, inson huquqlarini himoya qilish sud muhokamasi boshlanganidan keyingina emas, balki jinoyat protsessida inson huquqi cheklanayotgan eng dastlabki bosqichdanoq kuchliroq ta’minlanadi.
Fuqaroning adolatga ishonchi uchun yana bir muhim shart bor: o‘xshash huquqiy vaziyatlarda qonun bir xil talqin qilinishi va sud amaliyoti barqaror bo‘lishi kerak.
Shu maqsadda 2027-yil 1-avgustdan boshlab yagona sud amaliyotini shakllantiruvchi Oliy sud Rayosati qarorlarini ochiq e’lon qilish va muntazam yangilab borishni nazarda tutuvchi “Pretsedentlar” reyestri joriy etiladi.
Bu reyestrning ahamiyati faqat sudya yoki huquqshunoslar uchun huquqiy manba yaratilishi bilan cheklanmaydi. U fuqaro va tadbirkorga ham muayyan huquqiy munosabat bo‘yicha sud amaliyoti qay yo‘nalishda shakllanayotganini ko‘rish imkonini beradi.
Natijada huquqiy aniqlik ortadi, sud qarorlarining barqarorligi kuchayadi, bir xil holatlarga turlicha huquqiy yondashuvlarning oldini olish uchun qo‘shimcha mexanizm paydo bo‘ladi.
Eng muhimi, inson sudga kirishdan oldin ham o‘z huquqiy holatini ma’lum darajada baholay oladi. Adolat faqat qarorda emas, uning oldindan tushunarli va izchil bo‘lishida ham namoyon bo‘ladi.
Farmonda 2030-yilga qadar sud binolarining kirish qismida “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish ofislarini bosqichma-bosqich tashkil qilish ham nazarda tutilgan.
Ular orqali fuqarolarga zarur ma’lumot bir joyning o‘zida beriladi, protsessual murojaatlar bo‘yicha tashkiliy yordam ko‘rsatiladi, murojaatlar tezkor qabul qilinadi va raqamli sud xizmatlaridan foydalanishga amaliy ko‘maklashiladi.
Bugun sud tizimida elektron murojaat, sud hujjatlaridan foydalanish, videokonferensaloqa va boshqa raqamli imkoniyatlar mavjud. Oliy sudning my.sud.uz interaktiv xizmatlar portali ham sudlarga elektron murojaat qilish va boshqa xizmatlarni bir nuqtada taqdim etish yo‘lida muhim infratuzilma vazifasini bajarib kelmoqda.
Strategiya esa bu jarayonni keyingi bosqichga olib chiqadi. 2027-yil yakuniga qadar my.sud.uz portali takomillashtirilib, uning yangilangan mobil ilovasini ishga tushirish, sudga murojaat namunalarini yaxshilash hamda sud hujjatlarini interaktiv tarzda izlash imkoniyatlarini kengaytirish belgilangan.
Bu yerda muhim jihat shundaki, raqamlashtirish sud uchun qulay bo‘lgan elektron tizim yaratish emas, fuqaro uchun qulay bo‘lgan odil sudlovni yaratish vositasiga aylanmoqda.
“Odil sudlov – 2030” strategiyasida belgilangan yana bir muhim yangilik hududlararo sudlarni tashkil etish bilan bog‘liq.
2027-yil 1-iyuldan boshlab umumyurisdiksiya va ma’muriy sud yo‘nalishlarida ishlarni qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega, yurisdiksiyasi bir nechta ma’muriy-hududiy birlikni qamrab oladigan hududlararo sudlar tashkil etilishi belgilandi.
Nazarimda, mazkur yangilikka faqat sud tizimida yangi bo‘g‘in paydo bo‘lishi sifatida qarash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uning mohiyati, avvalo, sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish jarayonida xolislik, mustaqillik va instansion ajratilganlikni yanada kuchaytirishda namoyon bo‘ladi.
Farmonda hududlararo sudlarga viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlarni taftish tartibida, shuningdek, mazkur sudlar birinchi instansiyada ko‘rgan ishlarni apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish vakolatini berish nazarda tutilgan. Shu bilan birga, hududiy sudlarning tegishli qayta ko‘rish vakolatlarini tugatish hamda hududlararo sudlarda taftish tartibida ko‘rilgan ishlarni Oliy sudda qayta ko‘rish tartibini belgilash bo‘yicha qonunchilik mexanizmlarini yaratish vazifasi qo‘yilgan.
Bu yondashuvning amaliy ahamiyati shundaki, sud hujjatiga keyingi huquqiy baho berish jarayoni tashkiliy jihatdan boshqa sud bo‘g‘iniga o‘tadi. Natijada sud qarorlarini qayta ko‘rishda xolislikni ta’minlash uchun qo‘shimcha institutsional kafolat yaratiladi.
Ayni paytda, bir nechta hududni qamrab oluvchi bunday sudlarning faoliyati sud amaliyotidagi turlicha yondashuvlarni kamaytirish, qonun normalarining bir xil talqin qilinishi va qo‘llanilishiga erishish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, Strategiyada sud ishlarini qayta ko‘rib chiqish tartibini takomillashtirish orqali buzilgan huquqlarni tezkor tiklash, sud amaliyotining yagonaligi va barqarorligini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Shu ma’noda, hududlararo sudlarning tashkil etilishi sud tizimidagi navbatdagi tashkiliy o‘zgarish emas, balki sud qarorlarini qayta ko‘rish sifatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan institutsional islohotdir. U fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini samarali tiklash, sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini ta’minlash, eng muhimi, odil sudlovga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Tadbirkor va investorlar uchun ham muhim yangilik belgilangan. 2028-yil 1-yanvardan iqtisodiy sud ishlarini yuritishda “iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish” – Proactive Case Management standarti joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, sudya ishni ko‘rish jarayonida juz’iy formal kamchiliklarni aniqlasa, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishi lozim bo‘ladi.
Bu yondashuv iqtisodiy nizoni “protsessual shakllar musobaqasi” emas, taraflarning haqiqiy huquq va majburiyatlarini aniqlash jarayoniga aylantirishga xizmat qiladi.
Tadbirkor uchun vaqt – iqtisodiy resurs. Arizadagi kichik formal xato sabab jarayonning boshidan boshlanishi, qo‘shimcha davlat boji, vakil yoki boshqa xarajatlar kelib chiqishi biznes uchun real yo‘qotishdir. Yangi standart amalda ishlay boshlasa, sud jarayoni tezkorlashishi, taraflarning vaqt va xarajatlari kamayishi, eng muhimi, nizoning mohiyati bo‘yicha adolatli yechimga yetib borish osonlashishi kutilmoqda.
Sudyaning asosiy vazifasi – odil sudlov. Insonning huquqi sifatli himoya qilinishi sudyaning ish uchun yetarli vaqt va professional mustaqillikka ega bo‘lishi bilan ham bevosita bog‘liq.
Shu bois 2028-yil 1-yanvardan sud ma’murchiligi – Court Administration institutini joriy etish, tashkiliy, moddiy-texnik, moliyaviy va axborot-tahliliy vazifalarni maxsus sud ma’muriyati zimmasiga o‘tkazish nazarda tutilgan.
Bunday modelning mantig‘i oddiy: sudyaning vaqti ma’muriy-xo‘jalik masalalariga emas, ish materiallarini o‘rganish, dalillarga baho berish, taraflarni eshitish va qonuniy, asosli hamda adolatli qaror qabul qilishga sarflanishi kerak.
Shu ma’noda sud ma’murchiligi ham tashqi tomondan tashkiliy islohotdek ko‘rinsa-da, uning pirovard natijasi yana inson huquqlariga borib taqaladi - sifatli odil sudlov uchun sudyaga ko‘proq vaqt va mustaqil professional muhit yaratiladi.
“Odil sudlov - 2030” strategiyasining eng muhim xususiyati shundaki, u sud tizimini isloh qilishni faqat yangi tuzilmalar yoki raqamli texnologiyalar bilan bog‘lamayapti. Uning markazida inson va uning buzilgan huquqini tez, ishonchli hamda samarali tiklash g‘oyasi turibdi.
Bugun sud tizimida elektron xizmatlar, tergov sudyalari, masofaviy ishtirok, ochiq sud hujjatlari va boshqa ko‘plab zamonaviy mexanizmlar allaqachon amaliyotga kirib kelgan. Yangi Strategiya esa mavjud mexanizmlarni bir-biri bilan bog‘langan, inson manfaatiga yo‘naltirilgan yaxlit tizim darajasiga olib chiqishni maqsad qilmoqda.
Eng muhimi, Farmonda belgilangan ayrim mexanizmlar hali keyingi bosqichlarda - 2027 va 2028-yillarda hamda tegishli qonunchilik hujjatlari qabul qilinishi bilan to‘liq ishlay boshlaydi. Shu sababli bugun ularni faqat kelajak rejasi sifatida emas, odil sudlovning yangi huquqiy arxitekturasi sifatida baholash o‘rinli.
Noto‘g‘ri sudga murojaat qilgan fuqaroning arizasi qaytarilmay, tegishli sudga o‘tkazilishi; formal xato tufayli insonning eshikdan qaytarilmasligi; erkinlikni cheklash uchun haqiqiy va yetarli asoslarni sudyaning o‘zi tekshirishi; fuqarolik sudlarining aholiga yaqinlashishi; sud amaliyotining ochiq va bir xil bo‘lishi; raqamli xizmatlarning yanada soddalashishi – bularning har biri alohida yangilik.
Ammo ularni birlashtirib turgan yagona maqsad bor: inson sud tizimiga moslashishi emas, sud tizimi insonning huquqini himoya qilishga moslashishi kerak.
Shu tamoyil amalda to‘liq qaror topsa, sudga murojaat qilish shunchaki konstitutsiyaviy huquq bo‘lib qolmay, inson o‘z haq-huquqini tiklash uchun ishonadigan, tushunadigan va bemalol foydalana oladigan real kafolatga aylanadi. Ana shunda “xalqchil va adolatli sud” tushunchasi qonun hujjatidagi maqsaddan kundalik hayotda seziladigan haqiqatga aylanadi.
Shuhrat Kamolov,
Xorazm viloyat sudi raisi.
O‘zA