Innovatsiya va taraqqiyot
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida yangi innovatsion loyihalar ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish borasida samarali izlanishlar olib borilmoqda.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida yangi innovatsion loyihalar ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish borasida samarali izlanishlar olib borilmoqda.Davlatimiz rahbarining 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bunda dasturilamal bo‘layotir.
Shu yil 11-13-may kunlari poytaxtimizda o‘tkazilgan IX Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida universitet professor-o‘qituvchilari, yosh olimlari, magistrant va iqtidorli talabalari sanoat, axborot texnologiyalari, ekotexnologiyalar yo‘nalishlarida sakson beshta yangi innovatsion ishlanmasi bilan ishtirok etdi.
Yarmarkada “Talabalarning eng yaxshi innovatsion loyihasi” yo‘nalishi bo‘yicha universitetning 4-kurs talabasi Sirojiddin Nasriddinov, “Eng yaxshi ekotexnologiyalar” yo‘nalishi bo‘yicha katta ilmiy xodim-izlanuvchi Qosim To‘xtaoxunov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Neft va gaz yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etgan talaba Nodira Mirsaidovaning ishlari “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
– Innovatsion forumda “Metall uchun lazerli kesish dastgohi”, deb nomlangan loyiham bilan ishtirok etdim, – deydi S.Nasriddinov. – Dastgoh mashinasozlikda va boshqa sohalarda keng qo‘llaniladi. U yuqori aniqlik va tezligi, energiyatejamkorligi bilan ajralib turadi. Ishlash muddatini 400 ming soatgacha yetkazish mumkin. Mamlakatimizda innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor zamonaviy texnika va texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishimizni yanada oshirish bilan birga, ilmiy tadqiqotlarimizni keng jamoatchilikka namoyish etish imkonini ham bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamkorligida o‘tkazilgan “Yoshlarning innovatsion g‘oyalari” respublika ko‘rik-tanlovida mazkur oliy o‘quv yurtining yuzga yaqin salohiyatli yosh olimlari faol ishtirok etdi.
Universitetda ilmiy ixtirolarni patentlash samarali tashkil etilgani natijasida so‘nggi uch yilda O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligidan qirq uchta intellektual mulk obyektiga patent olindi. Ushbu ixtirolarning aksariyati sanoat korxonalarida amaliyotga tatbiq etilayotir. Soha mutaxassislari agentlik tomonidan muntazam o‘tkazib kelinadigan eng yaxshi intellektual mulk obyektlari uchun “Yangi intellekt” yillik tanlovida “Eng yaxshi foydali model”, “Eng yaxshi ixtiro” yo‘nalishlarida yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi, Jahon intellektual mulk tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan “Intellektual mulk sohasida eng yaxshi korxona” mukofoti uchun tanlovda universitet olimlari va yosh tadqiqotchilari jamoasi ishlab chiqarish korxonalarida joriy etilgan va iqtisodiy samarasi 12 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan qirq beshta patenti bilan ishtirok etdi. Ular tanlovda munosib baholanib, Jahon intellektual mulk tashkilotining “Intellektual mulk sohasida eng yaxshi korxona” mukofoti bilan taqdirlandi.
Iqtidorli talabalar va yosh olimlar tomonidan taklif etilayotgan ratsionalizatorlik takliflar, innovatsion ishlanmalar safini kengaytirish maqsadida universitetda “Ixtirochi yoshlar maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ixtisoslashtirilgan kafedralar bazasida qirqdan ziyod innovatsion guruh tashkil etilib, mamlakatimiz sanoat korxonalari bilan korporativ hamkorlik to‘g‘risida shartnomalar tuzilgan.
Bu boradagi izchil hamkorlik ilmiy kashfiyotlarni ishlab chiqarish jarayoniga samarali tatbiq etish, yosh olimlarni har tomonlama rag‘batlantirish, mamlakatimiz iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.