“O‘zbekistonda alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’lim” loyihasi yakunlandi
Evropa Ittifoqi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan mazkur loyiha doirasida alohida ehtiyojli 900 dan ortiq o‘g‘il-qiz maktablar, maktabgacha ta’lim maskanlarida umumiy ta’limga jalb etildi.
Evropa Ittifoqi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan mazkur loyiha doirasida alohida ehtiyojli 900 dan ortiq o‘g‘il-qiz maktablar, maktabgacha ta’lim maskanlarida umumiy ta’limga jalb etildi.Poytaxtimizda ushbu loyiha sarhisobiga bag‘ishlab o‘tkazilgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, o‘qituvchilar, shifokorlar, psixologlar, ekspertlar ishtirok etdi.
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi direktori V.Alimova, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari L.To‘ychiyev, xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari D.Kenjayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Yunusova va boshqalar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda millati, tili, dini, ijtimoiy-tibbiy holatidan qat’i nazar, barcha bolalarning teng huquqli asosda va sifatli ta’lim olishi uchun zarur sharoit yaratilganini ta’kidladi.
Yurtimizda inklyuziv ta’limga oid qonuniy jihatlar bir qator huquqiy-me’yoriy hujjatlarda o‘z ifodasini topgan. E’tiborga molik jihati, O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 14-sentabrda qabul qilingan «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonunida ham alohida ehtiyojli yoshlarni ijtimoiy moslashtirishga oid chora-tadbirlar, ularga ijtimoiy-psixologik va pedagogik yordam ko‘rsatishga doir huquqiy mexanizmlar belgilangan.
«O‘zbekistonda alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’lim» loyihasi 2014-yildan buyon hozirga qadar amalga oshirilib, uning doirasida alohida ehtiyojli 900 dan ortiq o‘g‘il-qiz maktablar, maktabgacha ta’lim maskanlarida umumiy ta’limga jalb etildi. Tibbiy, psixologik va pedagogik komissiya a’zolari hamda pedagog xodimlar ta’lim sohasida inklyuziv xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitildi. Yurtimizning turli hududlarida beshta pilot resurs markazlari tashkil etilib, ularda alohida ehtiyojli bolalar, ularning ota-onalari, ekspertlar uchun o‘quv-uslubiy, huquqiy, maslahat ko‘magi ko‘rsatildi. «Inklyuziv ta’lim asoslari», «Alohida ehtiyoji bo‘lgan bolalar umumiy ta’limda», «Inklyuziv maktabni tashkil etish» nomli o‘quv modullarining yaratilgani, bu yo‘nalishda ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish, pedagog xodimlarning kasb mahoratini oshirish imkonini berdi. Loyiha doirasida nashr etilgan risolalar, ma’rifiy to‘plamlar, qo‘llanma va bukletlar imkoniyatidan qat’i nazar, barcha bolalarning birgalikda ta’lim olishiga oid afzalliklarni ota-onalar, yoshlar, jamoatchilikka yanada teranroq yetkazish imkonini berdi. Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Moliya, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, bir qator nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari turli bo‘g‘inlarining ijtimoiy hamkorligi asosida alohida ehtiyojli bolalarning jamiyatga integratsiyalashuviga yaqindan ko‘maklashildi.
– O‘zbekiston hukumatining mazkur loyihani faol qo‘llab-quvvatlagani, barcha hamkor tashkilotlarning o‘zaro hamjihat, hamfikr bo‘lib ish yuritgani inklyuziv ta’limga oid ushbu loyiha muvaffaqiyatining asosiy omilidir, – deydi O‘zbekiston Respublikasidagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi texnik hamkorlik bo‘limi rahbari Ovidiu Mik. – Loyiha doirasidagi ezgu tashabbuslar barcha bolalarning kelgusida ham birga ta’lim olishidek xayrli ishlarini davom ettirishga xizmat qiladi.
– Bu loyiha natijasida yurtingiz pedagoglarining nechog‘li o‘z kasbiga fidoyiligi, sadoqati, bolajonligi yana bir karra namoyon bo‘ldi, – deydi inklyuziv ta’lim bo‘yicha ekspert Regina Sabalyauskiyene. – Kuni kecha O‘zbekiston sportchilarining XV yozgi Paralimpiya o‘yinlarida munosib ishtiroki, jasorat va matonatidan qalblarimiz hayajon va iftixorga to‘ldi. Bularning barchasi inson imkoniyatlarining chegara bilmasligi, mamlakatingizda barchaning teng ta’lim olishi, o‘z qobiliyati va layoqatini namoyon etishi uchun yaratilgan sharoitlarning amaliy natijasidir.
Anjumanda mamlakatimizda inklyuziv ta’limga oid siyosat, pedagog kadrlarni bu yo‘nalishda tayyorlash va kasb malakasini oshirish, pilot maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida inklyuziv amaliyot, loyiha doirasida erishilgan yutuqlar atroflicha muhokama etildi. Mamlakatimizda inklyuziv ta’lim yo‘lidagi istiqboldagi rejalar belgilab olindi.