Infantinoning kelajagi xavf ostida
FIFA Prezidenti Janni Infantino Jahon chempionati va boshqa turnirlar uchun tijorat huquqining 20 foizini xususiy sarmoyadorlarga sotish tashabbusi barbod bo‘lganidan keyin kuchli bosim ostida qoldi.
FIFA Prezidenti atrofidagi inqiroz Jahon chempionatiga tijorat huquqini xususiy sarmoya firmasiga o‘tkazish tashabbusi muvaffaqiyatsizlikka uchragandan keyin avj oldi. Bu g‘oya milliy futbol assotsiatsiyalarining kuchli qarshiligiga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng loyiha to‘xtatildi.
“New York Post” ta’kidlaganidek, iyul oyi oxirida UEFA – “The Union of European Football Associations” Infantinoga ishonchsizlik ovozini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi va agar tashkilot rahbariyati o‘zgarmasa, 2030-yilgi Jahon chempionati kabi FIFA turnirlarini inkor qilish bilan tahdid qildi. Natijada tashkilot ushbu g‘oyadan voz kechishga majbur bo‘ldi.
“Reuters” agentligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu muvaffaqiyatsizlik 2027-yil qayta saylanish uchun shubhasiz nomzod hisoblangan Infantinoning mavqeini jiddiy tarzda заифлаштирди.
Janjaldan so‘ng FIFA katta maslahatchisi Karlos Kordeyro iste’foga chiqdi, amaliyotlar bosh direktori Kevin Lamur esa tashabbusni tanqid qilib, “bir kishining loyihasi” deb atadi.
Shu yerda ham Tramp oilasi...
FIFA “Thrive Capital” investitsiya firmasi bilan muzokara olib borayotgani haqida xabarlar ham jamoatchilik va tegishli rasmiy doiralarda qo‘shimcha savollar tug‘dirmoqda. Ya’ni, ushbu firma Tramp oilasi bilan bog‘liqligi taxmini ilgari surilyapti. Tahlilchilar ta’kidlashicha, Infantino ancha vaqtdan beri ilk bor bo‘lajak FIFA prezidentligi saylovida jiddiy raqobatga duch kelishi mumkin.
Infantino nima qilishi kerak?
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Infantino Tramp ma’muriyatidan lavozimini saqlab qolish uchun yordam so‘ragan.

U iste’foga chiqishga chaqiriq kuchayib borayotgan bir payt siyosiy qo‘llab-quvvatlov so‘rab, Tramp ma’muriyatiga murojaat qildi, deb yozdi “New York Post”.
Nashr yozishicha, Infantino Davlat kotibi Rubio bilan telefon orqali gaplashib ko‘rishga urinyapti. Hatto, avvalroq Trampning o‘zi bilan ham bog‘lanishga harakat qilgan edi.
Manbalar ta’kidlashicha, rasmiy muhokama mavzusi futboldagi inqirozni bartaraf etishda AQSHning “yumshoq kuchi” vositasidan foydalanish, asl maqsad esa Infantinoni FIFA prezidenti sifatida saqlab qolish.
S.Rahimov, O‘zA