Imtiyozli kreditlar baliqchilik tarmog‘i rivojiga xizmat qilmoqda
Mamlakatimizda baliqchilik tarmog‘ini zamonaviy texnologiyalar asosda rivojlantirish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish va sohaga investitsiyalarni jalb etishda xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik kengaymoqda.
Jumladan, Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) ishtirokida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida mamlakatning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan 73 ta baliqchilik xo‘jaligiga imtiyozli kreditlar ajratildi. Ushbu mablag‘lar ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, intensiv baliq yetishtirish texnologiyalarini joriy etish, zamonaviy uskunalarni xarid qilish hamda baliqchilik xo‘jaliklari infratuzilmasini takomillashtirishga yo‘naltirilmoqda.
Mazkur 12 million dollardan ortiq imtiyozli moliyaviy resurs tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari bilan birgalikda umumiy qiymati 28 million 852 ming dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkonini berdi. Bu esa sohaga xususiy kapital oqimini rag‘batlantirish bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratish va ichki bozorni sifatli baliq mahsulotlari bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, baliqchilik kabi uzoq muddatli investitsiya talab qiladigan sohalar uchun past foizli va uzoq muddatli moliyaviy resurslar alohida ahamiyatga ega. Ana shunday kreditlar tadbirkorlarga ishlab chiqarishni barqaror yo‘lga qo‘yish, yangi texnologiyalarni joriy etish va mahsulot tannarxini pasaytirish imkonini yaratadi.
Shuningdek, mazkur loyihalar suv resurslaridan samarali foydalanish, intensiv baliq yetishtirish texnologiyalarini ommalashtirish, ozuqa bazasini takomillashtirish va mahsulotlarni qayta ishlash quvvatlarini kengaytirishga ham xizmat qilmoqda. Bu esa sohaning raqobatbardoshligini oshirish, eksport salohiyatini mustahkamlash hamda mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
M.Hojiakbarova,
O‘zA