Imtiyozlar izlanishga undamoqda
Farg‘ona tumanining Yuqori Vodil qishlog‘idagi “Seyman bahor kelajagi” xususiy korxonasida ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlari sifati va zamonaviy dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Farg‘ona tumanining Yuqori Vodil qishlog‘idagi “Seyman bahor kelajagi” xususiy korxonasida ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlari sifati va zamonaviy dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor qishloqlarda ham zamonaviy korxonalar tashkil etish, aholi bandligini ta’minlash, eng muhimi, oilalar farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Izchil amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiyotdagi o‘rni tobora mustahkamlanmoqda. Bunda barcha tarmoqlarda xususiy mulkning ahamiyatini oshirish, mulkdorlar duch kelishi mumkin bo‘lgan to‘siqlarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etayotir. Yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan foydalanib, Farg‘ona viloyatida ham ko‘plab tadbirkorlik subyektlari tashkil etilmoqda.
– Biz, tadbirkorlarning samarali faoliyat yuritishimiz uchun mustahkam himoya tizimi yaratilgan, – deydi “Seyman bahor kelajagi” xususiy korxonasi rahbari Mavluda Zokirova. – Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni yanada keng imkoniyatlar yaratmoqda. Jumladan, tadbirkorlikning ishonchli himoyasini ta’minlash, rivojlanish yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash maqsadida o‘ttiz uchta aniq chora-tadbirni o‘z ichiga olgan kompleks dastur tasdiqlangani diqqatga sazovor. Ta’kidlash kerakki, bunday chora-tadbirlar ishbilarmonlar safi kengayib, mulkdorlar sinfi shakllanishida muhim omil bo‘layotir. Biz tashkil etgan korxona bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Hozir korxonada yuz turdan ziyod trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ayollar, erkaklar va bolalar kiyimlari, sportchilar uchun maxsus tayyorlanayotgan anjomlar o‘zining sifati va dizayni bilan xaridorgir. O‘tgan yili bu yerda 52 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni ikki barobar oshirish rejalashtirilgan.
2014-yilda korxona “Asakabank”ning Farg‘ona viloyati filialidan 100 million so‘m imtiyozli kredit olib, sog‘lomlashtirish fitnes klubini tashkil qildi. Ayni paytda bu yerda qishloq xotin-qizlari sport bilan shug‘ullanib, o‘z salomatligini tiklamoqda.