Surxondaryo viloyatida 27 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi
Joriy yilning 12-14-iyul kunlari poytaxtimizda o‘tkazilgan I xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida tuzilgan shartnomalarga muvofiq, Surxondaryo viloyati mirishkorlari xorijga 23 million dollar qiymatidagi 27 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qildi.
Joriy yilning 12-14-iyul kunlari poytaxtimizda o‘tkazilgan I xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida tuzilgan shartnomalarga muvofiq, Surxondaryo viloyati mirishkorlari xorijga 23 million dollar qiymatidagi 27 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qildi.O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2016-yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport hajmini yanada oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Viloyatda aholini yil davomida meva-sabzavot, poliz va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida bog‘ va tokzorlar kengaytirilib, zamonaviy texnologiya asosida issiqxonalar tashkil etilmoqda. Joriy yilda 315 ming tonnadan ortiq uzum va meva, 245 ming 668 tonna poliz, 1 million 715 ming 470 tonnaga yaqin sabzavot mahsulotlari, 264 ming 404 tonnadan ziyod kartoshka yetishtirish rejalashtirilgan. Tabiiy quyosh nuriga to‘yinib pishgan servitamin oziq-ovqat mahsulotlarini kuz-qish davrida saqlash uchun 40 dan ortiq zamonaviy muzlatgichli omborxona barpo etilgan.
Mamlakatimizda paxta maydonlarini bosqichma-bosqich qisqartirib, o‘rniga sabzavot, poliz mahsulotlari va kartoshka ekilayotgani, yangi bog‘-rog‘lar barpo etilayotgani yil davomida aholini arzon, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, qish-bahor mavsumida narx-navo barqarorligini saqlash, ehtiyojdan ortgan qismini eksportga yo‘naltirishga xizmat qilayotir.
Joriy yilning 12-14-iyul kunlari poytaxtimizda o‘tkazilgan I xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida viloyatdagi 30 ga yaqin agrofirma, fermer xo‘jaligi va korxonalar 249,5 ming tonna meva-sabzavot sotish bo‘yicha 209 million dollardan ziyod miqdordagi shartnoma imzoladi.
Denov tumanidagi “Denov Agro Impeks” mas’uliyati cheklangan jamiyati ushbu tadbirda meva, sabzavot va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari eksporti bo‘yicha 5 million dollarlik shartnoma tuzgan. Joriy yilning o‘tgan davrida xorijlik hamkorlarga 1 million dollarlik karam, piyoz, uzum, xurmo va boshqa mahsulotlar yetkazib berildi.
– Saxovatli zaminimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlari to‘yimliligi va sifati bilan xorijliklarga manzur bo‘lmoqda, – deydi “Denov Agro Impeks” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Abdusamad Yo‘ldoshev. – Ular kelgusida ham bu hamkorlikni davom ettirish istagini bildirmoqda.
Meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirishga Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Surxondaryo viloyati filiali ham munosib hissa qo‘shmoqda.
– Yaratilayotgan imkoniyatlar tufayli yurtimizda o‘z mahsulotini eksport qilish istagidagi ishbilarmonlar ko‘payib bormoqda, – deydi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Surxondaryo viloyati filiali rahbari Asliddin Karomatov. – O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda ularga har tomonlama ko‘mak berishga, yirik sanoat yarmarkalarida ishtirokini kengaytirishga harakat qilayapmiz. Jamg‘armamiz ko‘magi bilan joriy yilda olti fermer va tadbirkor Germaniyada o‘tkazilgan “Yashil hafta – 2016” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etib, 3,4 million dollarlik eksport shartnomalari imzolashga erishdi. Sariosiyo tumanidagi “Abdurahmon Abdug‘affor Davr”, Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Abdurasul Sadoqat”, Sho‘rchi tumanidagi “Shermuhammad bobo” fermer xo‘jaliklari qariyb 30 ming dollar qiymatidagi oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qildi. Rossiya, Qozog‘iston, Latviya va boshqa davlatlarning xalqaro tashkilotlari, yirik savdo majmualari, importchi korxonalari ishtirokida Farg‘onada tashkil etilgan davra suhbatida ham bir qator eksportchi agrofirma va boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar qatnashib, 5 million dollarlik eksport shartnomasi tuzdi. Hozirgacha xorijlik hamkorlarga 3 million dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Viloyatda nafaqat mahsulot yetishtirish, balki uni saqlash, sotish, qayta ishlash, eksportbop qadoqlash liniyalari tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratilayotir.
Termiz tumani Yangi hayot mahallasida «Gold dried fruits export» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonasida 350 kishi mehnat qilmoqda. Meva-sabzavotni saqlash, quritish, muzlatish va qadoqlashga mo‘ljallangan korxona xorijda ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Bu yerda yiliga 30 turdagi 42 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qayta ishlanib, qadoqlanadi. Korxona mahsulotlari ichki bozordan tashqari, Rossiya, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlarga eksport qilinadi. Korxonaning «Gold agro fresh» agrofirmasi ko‘chatlar parvarish qiladigan issiqxona xo‘jaligi va intensiv bog‘lariga ega.
Bularning barchasi mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ular faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasidir.