Imom Buxoriy majmuasiga press-tur tashkil etildi
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi va Turizm qo‘mitasi hamkorligida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Imom Buxoriy majmuasiga press-tur tashkil etildi. Mazkur tadbir mamlakatimizning boy ma’naviy merosini keng jamoatchilikka yetkazish, ziyorat turizmini rivojlantirish hamda jurnalistlarni amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida o‘tkazildi.
Press-tur davomida jurnalistlar Prezidentimiz tashabbusi bilan qayta bunyod etilgan majmuaning yangilangan qiyofasi, yaratilgan shart-sharoitlar hamda bu yerda olib borilayotgan ilmiy va ma’rifiy faoliyat bilan tanishdi. Ushbu majmua nafaqat ziyoratchilar, balki ilm-fan ixlosmandlari uchun ham muhim maskan hisoblanadi. Bu yerda buyuk muhaddis Imom Buxoriyning boy ilmiy merosi keng targ‘ib etilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari majmua hududida amalga oshirilgan keng ko‘lamli obodonlashtirish va rekonstruksiya ishlari bilan tanishar ekan, yaratilgan infratuzilma zamonaviy talablarga to‘liq javob berishini alohida e’tirof etdi. Xususan, ziyoratchilar uchun qulay yo‘laklar, axborot markazlari, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun zarur sharoitlar yaratilgani va 9 pavilondan iborat innovatsion muzeyda Payg‘ambarlar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi ma’lumotlar ushbu majmuaning islom ilm-fanining yuksak namunasi va xalqaro ahamiyatga ega ziyorat maskani ekanidan dalolat.
Shuningdek, mutaxassislar tomonidan majmua faoliyati, kelgusidagi rejalar va xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Press-tur davomida jurnalistlar sayyohlar uchun yaratilgan interaktiv xizmatlar, mehmonxonalar va gidlik tizimlari zamon talablari darajasida yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi. Olib borilayotgan bunday ulkan bunyodkorliklarni mamlakatda madaniy merosni asrash borasidagi izchil siyosatning amaliy ifodasi sifatida baholadi.

O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi va Turizm qo‘mitasi tomonidan kelgusida tizimli ravishda Vatanimizning tarixiy obidalariga va turizm maskanlariga OAV vakillari ishtirokida press-turlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bunday press-turlar boy tarixiy merosimizni keng targ‘ib etibgina qolmay, turizm salohiyatini ham sezilarli darajada oshiradi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA