Imom Buxoriy majmuasi yaqinida ilk besh yulduzli mehmonxona ishga tushdi
Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi hududida besh yulduzli “Hadith Hotel” mehmonxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Oqqulov, Indoneziya Respublikasining Haj va Umra vaziri Muhammad Irfan Yusuf so‘zga chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasi yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lganini ta’kidladi.

Majmuaning qayta qurilishi jarayonida uning atrofida yigirmadan ortiq mehmonxona, sayyohlar uchun zamonaviy infratuzilma tashkil etildi.


240 o‘rinli "Hadith Hotel" indoneziyalik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda barpo etilgan bo‘lib, Imom Buxoriy majmuasi atrofidagi joylashtirish vositalarining eng yirigi, shu bilan birga, ilk besh yulduzli mehmonxona hisoblanadi. Mehmonxonada zamonaviy xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilib, xalqaro mehmonxona standartlari milliy mehmondo‘stlik an’analari va ziyoratgoh odobi bilan uyg‘unlashtirilgan.
Tadbir doirasida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov hamda Indoneziya Haj va Umra vaziri Muhammad Irfan Yusuf o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda indoneziyalik ziyoratchilarni Samarqandga keng jalb qilish, "Umra+" dasturi asosida maxsus aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Bundan avval majmua hududida barpo etilgan mehmonxonalardan biri indoneziyalik tadbirkor tomonidan sotib olinib, ushbu davlatdan keladigan ziyoratchilarni qabul qilish uchun imkoniyat yaratilgan edi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri