Imkoniyatlardan unumli foydalanib
Namangan viloyati Chortoq tumanida aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish va xonadonlarda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining amaliy samarasini bermoqda.
Tumanning Qorabog‘ mahallasida istiqomat qiluvchi Madina Ustaboyeva ham yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, chorvachilik orqali oilasiga qo‘shimcha daromad keltirayotgan tashabbuskor ayollardan biri.
Ijtimoiy reyestrda turgan Madinaga bir yarim yil muqaddam oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 10 million so‘m imtiyozli kredit ajratilgan. U ushbu mablag‘ evaziga dastlab to‘rt bosh qo‘y xarid qilib, xonadon sharoitida chorvachilik bilan shug‘ullana boshladi.
Tinimsiz mehnat va qunt bilan qilingan parvarish o‘z natijasini berdi. Besh oydan so‘ng dastlabki daromadni qo‘lga kiritgan Madina topgan mablag‘ini yana shu faoliyatga yo‘naltirdi. Navbatdagi bosqichda olti bosh qo‘y xarid qilib, chorvachilik faoliyatini kengaytirdi. Shu tariqa, bugungi kunga kelib, qo‘ylar sonini o‘n boshga yetkazishga muvaffaq bo‘ldi.
— Har bir qo‘ydan 2,5–3 million so‘mgacha sof daromad olish mumkin, - deydi Madina Ustaboyeva. — Asosiysi, mehnatdan qochmaslik, bor imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanish kerak.
E’tiborlisi, Madina Ustaboyeva chorva parvarishini o‘z kuchi bilan yo‘lga qo‘ygan. Halol mehnati va tirishqoqligi samarasida oilasiga qo‘shimcha daromad keltirib, chorvachilik faoliyatini bosqichma-bosqich kengaytirib bormoqda.
Imtiyozli kreditdan maqsadli foydalanish Madina Ustaboyevaga o‘z mehnati orqali daromad topish, ro‘zg‘or farovonligini oshirish va kelgusi rejalarini ro‘yobga chiqarish imkonini berdi.
[gallery-32171]
Bir xonadon misolidagi ushbu natija aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bandlikni ta’minlash va daromad manbalarini ko‘paytirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amaliy ahamiyatini ko‘rsatadi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA