Ilmiy hamkorlikning yuksak e’tirofi
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Boshqaruvi raisi – Bosh direktor Quvondiq Sanaqulovga Germaniyaning Frayberg konchilik akademiyasining oltinga tenglashtirilgan faxriy nishoni – “Goldene Ehrennadel” topshirildi.
Faxriy nishonni Frayberg konchilik akademiyasi professori Karsten Drebenshtedt tantanali ravishda topshirdi.
Mazkur yuksak mukofot taniqli olim, texnika fanlari doktori, professor Quvondiq Sanaqulovning konchilik va metallurgiya sohalarida ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash hamda sohaning ilmiy salohiyatini yuksaltirishga qo‘shgan hissasi uchun berildi.
TU Bergakademie Freiberg 1765-yil 21-noyabrda tashkil etilgan bo‘lib, konchilik, metallurgiya va tabiiy resurslar sohalariga ixtisoslashgan dunyoning eng qadimiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biri sanaladi.
Frayberg akademiyasi bilan yo‘lga qo‘yilgan ilmiy aloqalar zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish, tadqiqot natijalarini ishlab chiqarishga tatbiq etish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri