Ilmiy hamkorlik mustahkamlanmoqda
Koreya Respublikasining Jungbu universiteti olim va pedagoglari Namangan viloyatidagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishdi.
Koreya Respublikasining Jungbu universiteti olim va pedagoglari Namangan viloyatidagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishdi.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligi barcha jabhalarda, jumladan, fan-ta’lim sohasida ham izchil rivojlanib bormoqda. Toshkent shahrida Inxa universiteti filiali, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzurida O‘zbekiston-Janubiy Koreya axborot texnologiyalari markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning 27-29-may kunlari Koreya Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida ta’lim tizimidagi hamkorlikka oid hujjat imzolandi.
Mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlari va Janubiy Koreyaning bir qator ta’lim muassasalari o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Seul milliy universiteti, Chungang, Jungbu, Chonnam va Pusan chet tillari universitetlari shular jumlasidandir.
Jungbu universiteti olimlari Namangan muhandislik-texnologiya instituti, mazkur oliy o‘quv yurti qoshidagi 1- va Kosonsoy tumanidagi “Namuna” akademik litseylarida bo‘lib, yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlash uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, ta’lim jarayonlari, ilmiy-texnikaviy tadqiqotlar ko‘lami va samaralari bilan tanishdi.
– O‘zbekistonda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida olib borilayotgan ishlar uzviyligi, izchilligi va istiqbolliligi bilan e’tiborga sazovor, – deydi Jungbu universiteti o‘qituvchisi Kim Sang Yong. – Umumiy o‘rta ta’lim, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim – bu tizimlarning bari bir-biriga chambarchas bog‘langan. Oliy o‘quv yurtlari qoshida akademik litseylar tashkil etilgani iqtidorli yoshlar uchun katta imkoniyatdir.
Janubiy koreyalik mehmonlar video-slaydlar vositasida Jungbu universitetida yaratilgan shart-sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Uchrashuvda Jungbu universiteti bilan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti o‘rtasida tuzilgan hamkorlik shartnomasiga muvofiq, namanganlik yoshlar ham Janubiy Koreyada ta’limni davom ettirish imkoniyatiga ega ekani va buning tartib-qoidalari xususida ma’lumot berildi. Muloqotda talaba-yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.