Ilmga tayanmagan qurilishning oqibati: olimning xulosalari (+video)
Bugun biz ilmiy maktab yaratgan, o‘z izlanishlari bilan yurtimizda mustahkam inshootlar ilmiga katta hissa qo‘shgan olim bilan suhbatlashdik.Shu maqsadda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetiga tashrif buyurdik. Suhbatdoshimiz — akademik, texnika fanlari doktori, professor Mirziyod Mirsaidov.
—Sizning tadqiqotlaringiz O‘zbekiston va jahon ilm-fanida qanday o‘rin tutadi?
—Men maktabni tugatganimdan so‘ng texnikumda tahsil oldim. Keyin Toshkent politexnika institutiga o‘qishga kirdim. Oliy ta’limdan so‘ng O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Mexanika va inshootlarning mustahkamligi institutida faoliyat boshladim.
Keyin Moskva elektron mashinasozligi institutida aspiranturada tahsil oldim, shu institutning ilmiy kengashida 1976-yilda nomzodlik dissertatsiyamni himoya qildim.
Mening asosiy yo‘nalishim — deformatsiyalanuvchi qattiq jismlar mexanikasi. Bu soha inshootlarning mustahkamligi, barqarorligi, ayniqsa qobiqlar va trubalar, shuningdek boshqa murakkab konstruksiya elementlarining mustahkamligini o‘rganishga bag‘ishlangan.
— Seysmik mustahkamlik bo‘yicha qanday yangiliklar qildingiz?
— Seysmik mustahkamlik nazariyasiga ko‘ra, seysmik energiya inshootda sekin-asta materialning so‘nuvchanlik xususiyatiga bog‘liq xolda so‘nadi, deb qaralar edi. Men esa bu jarayonga yangi yondashuvni taklif qildim. Ya’ni, energiyaning bir qismi inshootda yutiladi, yana bir qismi esa to‘lqin ko‘rinishida tashqi muhitga chiqib ketadi, degan nazariyani asoslab berdim.
Bu yondashuv inshootlarning seysmik mustahkamligini baholashda yangi imkoniyatlar yaratdi. Bu esa, o‘z navbatida yangi hisoblash usullari va shu orqali yangi tavsiyalar ishlab chiqish usullarini yaratishga yo‘l ochdi, ya’ni hisob ishlarini bajarishda aniqlikni oshirdi.
Ko‘p yillik ilmiy pedagogik faoliyatim davomida ilmiy maktab yaratdim. Bugungi kunda 8 nafar fan doktori va23 ta fan nomzodi tayyorlaganman. 8 ta monografiya va 28 dan ortiq darslik va o‘quv qo‘llanmalar muallifiman. Bu darsliklarning 6 tasi qozoq va 2 tasi qoraqalpoq tiliga tarjima qilingan.
— 60 yillik faoliyatingizdan kelib chiqib, bugungi ilm-fanda qanday o‘zgarishlarni ko‘ryapsiz?
— Bugungi kunda ilm-fan juda tez rivojlanyapti. Afsuski, eksperimental ilmiy tadqiqotlar olib borish oxirgi davrda ancha susayib qoldi deb hisoblayman.
Lekin bir muammoni tan olish kerak: ma’lum bir davrda biz o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini yo‘qotdik. Bu esa ilmdagi uzviylikka ta’sir qildi.
Hozir bu kamchilikni bartaraf etishga katta e’tibor berilmoqda. Asosiy vazifa — yuqori bilimga ega bo‘lgan sifatli muhandis kadrlar tayyorlash. Chunki bilimli kadr bo‘lmasa, hech qanday taraqqiyot bo‘lmaydi.
— Bugungi tadqiqotlaringiz qaysi yo‘nalishga qaratilgan?
— Hozir men “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida faoliyat yurityapman. Asosiy e’tiborimni gidrotexnika inshootlariga, ayniqsa to‘g‘onlar mustahkamligi muammolariga qaratganman.
Chunki O‘zbekistonda 60 dan ortiq to‘g‘on bor bo‘lib ularning seysmik xavfsizligini ta’minlash juda muhim masalalardan biri hisoblanadi. Shu borada tajribalar o‘tkazish maqsadida inshoot va ularning elementlari mustahkamligini tekshirish uchun seysmik platforma yaratildi. Inshootlar dinamikasini matematik modellashtirish orqali olingan nazariy natijalarimizni shu natijalar bilan solishtirish orqali modelning adekvatligi va olingan natijalarning haqqoniyligini baholaymiz.
— Bugun aholi soni ortib, qurilishlar ko‘paymoqda. Ko‘p qavatli binolarning seysmik mustahkamligi qay darajada?
— Bu o‘ta jiddiy masala hisoblanadi. Qurilishlarning ko‘payib borishi inshootlar mustahkamligini baholashga tezkorlik bilan yondashishni talab etadi. Lekin qurilishlarning hammasi ham bir xil sifatga ega deb ayta olmaymiz. Yaqinda minglab binolar tekshirildi va ularning barchasi bir xil darajada xavfsiz emasligi ma’lum bo‘ldi.
Mustahkamlik — ko‘p faktorlarga bog‘liq, faqat binoning loyihasi yoki konstruksiyasiga emas, balki yer asosining gruntiga, materialning sifati, loyiha va quruvchining malakasiga hamda boshqa bir qancha qo‘shimcha faktorlarga bog‘liq.
Afsuski, ayrim hollarda gruntlash noto‘g‘ri baholangani sabab binolarda og‘ish holatlari kuzatilmoqda.
— Demak, yechim nima?
— Yechim bitta – qurilish normalari va qonun-qoidalarga qat’iy amal qilish bilan birga har bir bosqich — yer tanlashdan tortib, loyihalash va qurilishgacha bo‘lgan jarayonlarni baholash ilmiy asosda bo‘lishi shart.
Biz uchun eng muhim vazifa sifatli injenerlar tayyorlab, xavfsiz, mustahkam va ishonchli inshootlar qurish. Bu esa faqat ilm, tajriba va mas’uliyat orqali amalga oshiriladi.
Suhbatning to‘liq qismini quyidagi havola orqali ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/jAnvQZIH8k8" title="Ilmga tayanmagan qurilishning oqibati: olimning xulosalari " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova,
Doniyor Yoqubov (video),
Anvarxo‘ja Ahmedov (montaj), O‘zA