Ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalar integratsiyasi yo‘lida muhim uchrashuv
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti hamda Irlandiyaning NIBRT (National Institute for Bioprocessing Research and Training) tashkiloti ishtirokida biotexnologiya va biofarmatsevtika sohasini rivojlantirishga bag‘ishlangan onlayn uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqot davomida zamonaviy ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini rivojlantirish, biofarmatsevtika ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish va xalqaro tajribani milliy amaliyotga moslashtirish masalalari muhokama qilinib, institut faoliyati doirasida zardoblar, biologik preparatlar, mikrobiologiya, virusologiya, immunologiya va biotexnologiya yo‘nalishlarida olib borilayotgan ilmiy ishlar taqdim etildi.
Shuningdek, NIBRT modeli asosida ilmiy-tadqiqot, ishlab chiqarish va trening jarayonlarini integratsiyalashgan holda tashkil etish tajribasi ko‘rib chiqildi. Mazkur yondashuv yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etishda samarali mexanizm sifatida e’tirof etildi.
Uchrashuv yakunida institut bazasida ilg‘or biotexnologik trening markazini tashkil qilish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, mutaxassislar o‘rtasida akademik hamkorlikni kengaytirish, texnologiya transferi va ta’lim dasturlarini uyg‘unlashtirish, xususan, PTU bilan hamkorlikda talabalar uchun xorijda o‘quv kurslarini yo‘lga qo‘yish masalasi ijobiy yechim topdi.
Tomonlar biofarmatsevtika va immunobiologik preparatlar sohasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy salohiyatni mustahkamlash va innovatsion yechimlarni keng joriy etishga kelishib oldi.
Sherbek Islomov, O‘zA