Ilhom Aliyevning O‘zAga bergan intervyusi Ozarbayjon davlat gazetasida e’lon qilindi
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga bergan intervyusi Ozarbayjon Respublikasining rasmiy “Azerbayjan” davlat gazetasida “Tarixiy ahamiyatga molik yettinchi safar arafasida” sarlavhasi bilan chop etildi. 22-avgust kuni e’lon qilingan materialda ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy aloqalar, transport-logistika hamda energetika sohalaridagi hamkorlik masalalari keng yoritilgan.
Intervyuda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi aloqalar umumiy tarix, madaniyat, til va ma’naviy qadriyatlarga tayanishi qayd etiladi. Ilhom Aliyev so‘nggi yillarda davlatlararo munosabatlar misli ko‘rilmagan rivojlanish bosqichiga ko‘tarilib, ittifoqchilik darajasiga yetganini ta’kidlaydi. Shuningdek, u Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan shakllangan samimiy do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch ikki davlat munosabatlarini mustahkamlashda muhim omil ekanini bildiradi.
Suhbatda siyosiy muloqotning faolligi ham alohida qayd etilgan. Prezident Ilhom Aliyevning ta’kidlashicha, so‘nggi besh yil davomida oliy darajada 15 ta o‘zaro tashrif va muntazam aloqalar amalga oshirilgan. 2024-yil avgust oyidagi Ozarbayjon Prezidenti tashrifi hamda 2025-yil iyulida O‘zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan hujjatlar, xususan, Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya va Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma ikki tomonlama aloqalarning huquqiy-siyosiy asoslarini yanada mustahkamlagani qayd etilgan.

Materialda Oliy davlatlararo kengash ham ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni rivojlantirishning muhim institutsional mexanizmi sifatida ko‘rsatilgan. Kengashning Toshkent va Bokuda o‘tkazilgan ikki yig‘ilishi munosabatlarning izchil rivojlanishi hamda qo‘shma tashabbuslarni muvofiqlashtirishga xizmat qilayotgani ta’kidlangan.
Intervyuning iqtisodiy qismida savdo va investitsiyaviy hamkorlikka alohida e’tibor qaratilgan. Ilhom Aliyevning ma’lumot berishicha, 2025-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 795 million dollarni tashkil etib, avvalgi yilga nisbatan uch barobardan ko‘proq oshgan. 2026-yil yanvar-may oylarida esa savdo aylanmasi 144 million dollarga yetib, yillik hisobda 33 foizga ko‘paygan.
Shuningdek, O‘zbekiston – Ozarbayjon investitsiya kompaniyasi, hukumatlararo komissiya, energetika, yashil energiya va tranzit tashuvlar sohasidagi hamkorlik haqida ma’lumot berilgan. Xususan, 2025-yilda ikki davlat o‘rtasidagi tranzit yuk tashish hajmi 1,4 million tonnaga yetgani, bu ko‘rsatkich 6,7 foizga oshgani qayd etilgan.
Umuman, Ozarbayjon nufuzli gazetasida e’lon qilingan mazkur intervyu ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar faqat siyosiy muloqot doirasida emas, balki savdo, investitsiya, energetika, transport, ta’lim, fan va madaniyat kabi ko‘plab yo‘nalishlarda amaliy mazmun kasb etayotganini ko‘rsatadi.
Prezident Ilhom Aliyevning O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAga bergan intervyusida bildirilgan fikrlar O‘zbekiston – Ozarbayjon ittifoqchiligining bugungi mazmuni va kelgusidagi rivojlanish yo‘nalishlarini baholash uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
D.HAKIMOV,
O‘zA