Ikki masala ham harakatga undaydi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi, siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning Oʻzbekiston milliy axborot agentligi saytida shu yilning 21-marti kuni eʼlon qilingan “Mintaqa bahori” maqolasida davlatimiz rahbari olib borayotgan yangicha siyosat mohiyati atroflicha tahlil qilib berilgan.
Munosabat
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi, siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning Oʻzbekiston milliy axborot agentligi saytida shu yilning 21-marti kuni eʼlon qilingan “Mintaqa bahori” maqolasida davlatimiz rahbari olib borayotgan yangicha siyosat mohiyati atroflicha tahlil qilib berilgan.
Muallif ikki masalani oʻrtaga qoʻygan. Birinchisi ‒ uzoq yillardan beri behalovat hayot davom etayotgan qoʻshni Afgʻonistonda tinchlik-osoyishtalik va barqarorlik oʻrnatish, ikkinchisi ‒ mamlakatimizda kambagʻallikni kamaytirish siyosatini izchil amalga oshirish.
Bu ikki masala yuzaki qaragandagina bir-biriga aloqasi yoʻqdek tuyulishi mumkin. Amalda esa ular bir-biriga chambarchas bogʻliq. Q. Rafiqov: “Shu ikki yoʻnalish, oʻylaymanki, nafaqat Oʻzbekistonning milliy manfaatlarini oʻzida aks ettirishi bilan, balki butun bir mintaqa hayotiga doxilligi bilan ham ajralib turadi. Qolaversa, bu “milliy konsepsiya” Oʻzbekistonning tashqi imijiga ham ijobiy taʼsir etadi”, ‒ deb yozadi.
Maqola muallifining nuqtayi nazariga koʻra, Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlarini porloq kelajak kutayotibdi. Bu ‒ janub bilan tigʻiz iqtisodiy-ijtimoiy aloqalarni oʻrnatish orqali amalga oshadigan ezgu gʻoya. Chunki, toʻgʻri taʼkidlanganidek, har qanday davlatning taraqqiy etishi ‒ bugun jahon bozoriga qay darajada kirib borishiga bevosita bogʻliq. Bizni janubda juda katta bozor kutib yotibdi. Axir, Afgʻoniston, Eron, Pokiston va Hindistonda dunyo aholisining beshdan biri, yaʼni 1,5 milliard kishi istiqomat qiladi. Markaziy Osiyo esa ‒ Afgʻonistonni ham qoʻshganimizda 100 million kishili mintaqa. Shu hududning markazida Oʻzbekistonimiz joylashgan. U amalda mintaqadagi qolgan besh davlatning hammasini oʻzaro bogʻlash imkoniga ega. Bu bizga juda katta muvofiqlashtirish imkonini beradi.
Biroq ana shu katta bozorga kirib borishimiz uchun Afgʻoniston yillar mobaynida oʻtib boʻlmas changalzorday boʻlib yotibdi. Agar shu mamlakatda tinchlik va osoyishtalik oʻrnatilsa, u yerda moʻtadil muhit paydo boʻladi, barqarorlik yuzaga keladi, zamonaviy taraqqiyot boshlanadi.
Q.Rafiqov toʻgʻri qayd etganidek: “Prezidentimiz boshlagan tinchlik yoʻli esa mintaqa iqtisodiyoti arteriyasini qirq yillik tiqinlardan tozalab, Markaziy Osiyo tomirlarida xuddi bir paytlardagidek “toza qon” oqishini taʼminlaydi. Bu ‒ oʻz koʻlami hamda natijadorligiga koʻra, juda ulkan ishdir”.
Muallif, albatta, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy-tijoriy tomonlarini nazarda tutgan. Biroq buning ulkan maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyati ham bor. Avvalo, koʻhna tariximiz Afgʻoniston bilan chambarchas vobastalikda kechgan. Kushon davlatini olamizmi, somoniylar yoki gʻaznaviylar davlatlarini koʻzda tutamizmi, temuriylar, shayboniylar, ashtarxoniylar davlatlarini oʻrganamizmi ‒ oʻzaro tutash taqdirga duch kelaveramiz. Xususan, temuriylar davrida Hirotni poytaxt qilgan Xuroson davlatining ravnaqini, uning mintaqa maʼnaviy-maʼrifiy hayotida tutgan oʻrnini bir tasavvurimizga keltiraylik. Hirot amalda temuriylar saltanatining Samarqanddan keyingi yirik poytaxti edi. Eh-he, bu yerda Xuroson va Movarounnahr xalqlarining qanday-qanday buyuk madaniyatlari shakllandi, ravnaq topdi, olamshumul yodgorliklar bunyod etildi. Birgina adabiyot olamida kamida Mavlono Lutfiy, Mavlono Abdurahmon Jomiy, Husayniy (Husayn Boyqaro), hazrat Alisher Navoiy, Husayn Voiz Koshifiy, Shayxim Suhayliy, Kamoliddin Binoiy, Atoulloh Husayniy kabi zotlar maydonga chiqdi.Loaqal, buyuk oʻzbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy merosini puxta-pishiq, har taraflama ilmiy oʻrganish, ularda tilga olingan makon bilan bogʻliq nuqtalarni yoritish uchun ham mutaxassislarimiz Hirot koʻchalarida qadamba-qadam yurishi, shu muqaddas tuproq changini yutishi, shu ulugʻ ajdodlarimiz qabrlarini ziyorat qilishi... kerak emasmi?!
Holbuki, masofa jihatidan bu joylar bizga unchalar uzoq emas. Bir kun keladi, Toshkent, Andijon, Samarqand, Buxoro, Xiva, Nukusdan... avtobus yoki poyezdga oʻtirib, Kobulga boramizda, Zahiriddin Muhammad Bobur, Hirotga boramizda, Abdulloh Ansoriy, Mavlono Lutfiy, Abdurahmon Jomiy, Husayn Boyqaro, Alisher Navoiy, Gʻaznaga boramizda,Abu Rayhon Beruniy qabrini ziyorat qilamiz, bobolarimiz qurdirgan imoratlarni koʻramiz. Yoki afgʻonistonlik birodarlarimiz Toshkent, Buxoro, Samarqand, Xiva, Qoʻqon, Termiz, Shahrisabz shaharlarini ziyorat qilib ketishadi. Oʻrtada sayohat sanoati rivojlanadi. Bundan ikki taraf ham birday yutadi.
Q. Rafiqov maqolasida mamlakatimizda kambagʻallikni kamaytirishga qaratilgan yangicha siyosatning alohida urgʻu berib taʼkidlaganini ham toʻla maʼqullaymiz.
Kambagʻal” soʻzidan shu qadar qoʻrqdikki, goʻyo buni tan olishni uyat bildik, oʻrniga “kam taʼminlangan” degan sunʼiy,kitobiy bir atama ham yaratib oldik.
Ikkalamiz guvoh boʻlgan voqea beixtiyor esga tushadi. Mamlakatimizdagi oʻrta maxsus taʼlim muassasalaridan birida ogohlik mavzusida maʼruza qilayotgan notiq“kambagʻal”soʻzini ishlatdi. Bundan qoʻrqib ketgan ana shu taʼlim muassasasi rahbari tadbir soʻngida maxsusan soʻzga chiqib, oʻzicha bunga izoh bergan boʻldi: “Kambagʻal” soʻzini hurmatli maʼruzachimiz bilib-bilmay, tasodifan ishlatib yubordilar, aslida, u kishi “kam taʼminlangan” demoqchi edilar. Chunki mamlakatimizda kambagʻallar yoʻq, kam taʼminlanganlargina ozmi-koʻpmi uchrab turadi, xolos”, ‒ dedi.
Holbuki, bu haqiqatga zid baho edi. Bu bilan mohiyat oʻzgarmas edi.Chunki kasalni har qancha yashirmaylik, isitmasi oshkor qilaverdi.
Q. Rafiqov, hatto, yaqin Sharq mamlakatlaridagi terroristik harakatlarda Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolarining ishtirok etishini ham aynan kambagʻallik omili bilan bogʻlaydi. Chunki ishsiz odam arzimagan har qanday chaqa uchun yurtini, eʼtiqodini, millatini sotib, yot gʻoya targʻibotiga qoʻshiladi, qoʻliga qurol ham oladi. Bu ‒ juda yomon koʻrgulik. Axir, tayinli ishi, muntazam va kafolatli daromadi bor, shunga bola-chaqasini boqayotgan, orzu-havasini koʻrib, yashayotgan kishini kim ham yoʻldan ura oladi?!
Tojdor virus tufayli yuz berayotgan karantin butun Yer yuzida, jumladan, mamlakatimizda ham kambagʻallikka qarshi kurashni necha chandon kuchaytirishni taqozo etayotibdi.
Xullas, muhtaram senatorimiz tahlil qilgan bu ikki masala ham davlat va xalqni harakatga undaydi.
Shunisi ‒ eng muhim.
Muslihiddin MUHIDDINOV,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi,
SamDU professori, filologiya fanlari doktori.
Sultonmurod OLIM,
Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi,
“Naqshbandiya” jurnali bosh muharriri, filologiya fanlari nomzodi.