Ijtimoiy sheriklik munosabatlari samarasi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida davlat organlarining nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan ijtimoiy sheriklik munosabatlarini kuchaytirish borasidagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida davlat organlarining nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan ijtimoiy sheriklik munosabatlarini kuchaytirish borasidagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi hamda Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda deputatlar, tegishli davlat va jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi A.Saidov va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida amalga oshirilgan izchil islohotlar samarasida jamiyatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining mavqei tobora yuksalib borayotgani, bu inson huquq va manfaatlarini muhofazalashda muhim omil bo‘layotganini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 1-yanvardan kuchga kirgan «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonuni bu yo‘nalishdagi islohotlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqishda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.
Mazkur qonunda belgilangan vazifalarni izchillik bilan hayotga tatbiq etish, jamiyatda ijtimoiy sheriklik munosabatlarini rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotir. Parlament tomonidan qonunning joylardagi ijrosi yuzasidan nazorat-tahlil ishlari yuritilib, uning natijalari keng muhokama etilmoqda. Bu sohadagi ishlarni tizimli asosda tashkil etish maqsadida hududlarda ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan tashkil etilayotgan turli tanlovlarda ham jamoat tuzilmalarining dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishdagi ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Fond tomonidan 2015-2016-yillarda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining besh yuzdan ko‘proq dastur va loyihasi moliyalashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi «Nuroniy» va «Ekosan» jamg‘armalari, «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi, Bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi, O‘zbekiston vrachlar uyushmasi, Yoshlar tashabbuslari markazi kabi nodavlat notijorat tashkilotlarining loyihalari bunga misoldir. Ushbu jamoat tuzilmalarining «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi va boshqa hududiy dasturlarda belgilangan vazifalar ijrosiga oid loyihalari fond tomonidan moliyalashtirilishi natijasida nodavlat notijorat tashkilotlarining vazirliklar, mahalliy hokimliklar bilan ijtimoiy hamkorligi kengaydi.
Joylarda aholining ehtiyojmand qatlamini, nogironlar, ayollar, bolalar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, mahalla infratuzilmasini kengaytirishga yo‘naltirilgan qator loyihalar amalga oshirildi. Oilada tibbiy madaniyatni oshirish, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, yoshlarning jamiyatimizdagi faolligini, xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha keng qamrovli loyihalar hayotga tatbiq etildi.
Davra suhbatida jamiyatimizda bu yo‘nalishda erishilgan yutuq va tajribalarni keng targ‘ib etish va ommalashtirish, ijtimoiy sheriklik munosabatlarining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama etildi.