Ijtimoiy himoyada raqamlar emas, inson manfaati mezon bo‘lishi kerak
O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida 2026-yilning yetti oyi davomida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar, aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar samaradorligi hamda ehtiyojmand qatlamni qo‘llab-quvvatlash borasidagi chora-tadbirlar tahlil qilindi.
Unda asosiy e’tibor aholiga ijtimoiy xizmatlarni mahalla darajasida ko‘rsatish, ehtiyojmand fuqarolarni aniqlash, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy himoya tizimining natijadorligini oshirish masalalariga qaratildi.
Ta’kidlanganidek, bugun tumandagi 40 ta mahallada 40 nafar ijtimoiy xodim faoliyat yuritib, aholi bilan bevosita ishlamoqda. O‘rganishlar natijasida ijtimoiy himoyaga muhtoj 750 nafardan ziyod fuqaro aniqlanib, tegishli xizmatlar bilan qamrab olingan.
Hisobot davrida aholiga 120 turdagi 14 ming 817 ta ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatilgan. Shuningdek, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan ehtiyojmand fuqarolarga 1,9 milliard so‘mlik moddiy yordam ajratilgan. Bu mablag‘lar davolanish, oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joyni ta’mirlash, ijara va kommunal to‘lovlar kabi zarur ehtiyojlarga yo‘naltirilgan.

Deputatlar muhokamasida nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Tumanda 6 ming 544 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs istiqomat qilishi inobatga olinib, ularni reabilitatsiya vositalari, protez-ortopediya moslamalari va zarur ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Shu bilan birga, kambag‘al oilalar bilan individual ishlash tizimi ham kuchaytirilmoqda. Reyestrga kiritilgan oilalar uchun 3 ming 405 ta individual reja ishlab chiqilgan. Bu yondashuv O‘zLiDePning ijtimoiy siyosatdagi muhim tamoyili — aholiga faqat bir martalik yordam ko‘rsatish emas, balki uning barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun imkoniyat yaratish maqsadiga hamohangdir.
Yig‘ilishda ijtimoiy himoya samaradorligini baholashda faqat ko‘rsatkichlar bilan cheklanib qolmaslik zarurligi qayd etildi. Eng muhimi, ko‘rsatilayotgan xizmat va yordamlar insonning hayotida qanday natija berayotgani, oilalarning og‘ir ijtimoiy vaziyatdan chiqishiga qay darajada ko‘maklashayotganidir.
Shundan kelib chiqib, deputatlik guruhi tomonidan ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirish, aholi murojaatlarini joylarda o‘rganish, yordamlarning manzilliligini ta’minlash va kambag‘al oilalarni barqaror daromadga olib chiqishga qaratilgan choralarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri