Ijodkorlar uchun katta imtiyozlar: Uy-joy, ijara puli va bepul tibbiy xizmatlar joriy etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.
Endilikda har yili 1 ming nafar shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at vakillari, muzey xodimi va rassomlarga uy-joy olish uchun ipoteka krediti dastlabki to‘lovining 50 foizi qoplab beriladi.
Ijodiy tashkilotlar, madaniyat va san’at muassasalariga boshqa hududdan kelib ishlayotgan soha vakillari ham ko‘p. Bugundan boshlab ularga uy-joy ijarasi uchun Toshkent shahrida oyiga 2,5 million so‘mgacha, viloyatlarda 1 million 600 ming so‘mgacha xarajatini qoplab berish yo‘lga qo‘yiladi.
Har yili faoliyatida yaxshi natijaga erishgan 1 ming nafar soha xodimi davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan bepul davolanadi. Yana 2 ming nafar ijodkorga davlat tomonidan tibbiy sug‘urta paketi taqdim etiladi. Kamida 10 yil ishlagan xodimlarga sanatoriylariga bepul yo‘llanma beriladi.
15-iyundan xalq artisti, xalq shoiri, xalq yozuvchisi kabi yuksak faxriy unvonga ega ijodkorlarning aeroport va vokzallardagi VIP zallardan bepul foydalanishi ta’minlanadi.
O‘zA