Ijodiy olimpiadaning respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi
Qashqadaryo viloyatidagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablari o‘quvchilari o‘rtasida ijodiy olimpiadaning respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur olimpiadadan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun keng imkoniyat yaratishdan iborat. Unda ijod maktablarining 8-9 sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida dastlab “So‘z va ohang sehri” nomli adabiy-musiqa kechasi tashkil etilib, u ishtirokchilar va mehmonlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
[gallery-29205]
Olimpiada ikki bosqichda o‘tkazildi. Ilk bosqichda ishtirokchilar ijodiy matn yozish orqali o‘z badiiy tafakkuri va yozma nutq mahoratini namoyon etdi. Keyingi bosqich monolog chiqish jarayonida esa ularning nutq madaniyati, sahnada o‘zini tutish va fikrni ifodalash qobiliyati sinovdan o‘tkazildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 8-sinflar o‘rtasida Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi o‘quvchisi Nilufar Itolmasova 1-o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Ishoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi o‘quvchisi Kumush Mamadaliyevaga nasib etdi. Uchinchi o‘rinni Ibrayim Yusupov nomidagi ijod maktabi o‘quvchisi Guljayna Orazbayeva qo‘lga kiritdi.
9-sinflar o‘rtasida esa Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi o‘quvchisi Zamira Ahmadova g‘olib deb topildi. Ikkinchi o‘rin Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi ijod maktabi o‘quvchisi Imsinoy Ismoilovaga, uchinchi o‘rin esa Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi o‘quvchisi Nigora Abdug‘aniyevaga nasib etdi.
G‘olib va ishtirokchilar agentlik tomonidan diplom, sertifikat, esdalik sovg‘alari hamda oromgoh yo‘llanmalari bilan taqdirlandi.
Ta’kidlanganidek, bunday tanlovlar yoshlarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish, ularni ma’naviy jihatdan barkamol etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari